Jahon | 17:40 / 06.07.2020
8819
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda koronavirus tarqatganlar 10 yilgacha qamalishi mumkin

Endilikda Tojikistonda koronavirusni boshqalarga yuqtirganlar 5-10 yilgacha qamalishi mumkin. Bu haqda mahalliy «Aziya-Plyus» nashri xabar bergan.

© Sputnik / Aleksandr Galperin

Manbada aytilishicha, mamlakat prezidenti Imomali Rahmon 4 iyul kuni jinoyat kodeksining 207-moddasiga kiritilgan tuzatishlarni imzolagan. Unga ko‘ra, endilikda epidemiologik normalarni buzib, koronavirusni boshqalarga yuqtirishga sababchi bo‘lganlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Agar virus yuqtirgan odam kimningdir salomatligi jiddiy yomonlashishiga sabab bo‘lsa, qamoq jazosi 10 yilgacha oshiriladi.

Tojikiston jinoyat kodeksining 207-moddasida infeksion kasalliklarni yuqtirish uchun jazo mavjud edi, endilikda bu moddaga o‘zgartirish kiritildi va to‘ldirildi. Tuzatishga ko‘ra, jamoat joyida niqobsiz yurganlar 290 somonigacha (28 dollar) jarimaga tortilishi mumkin. Koronavirus haqida yolg‘on ma'lumot tarqatganlik uchun jismoniy shaxslar 580 somoni (56 dollar), yuridik shaxslar esa 11 600 somoni (1 126 dollar) miqdorida jarimaga tortiladi.

Tojikiston jinoyat kodeksiga kiritilgan bu o‘zgarishlar hukumat nashrlarida e'lon qilingach, rasman kuchga kiradi.

Ma'lumot uchun, ayni damda Tojikistonda koronavirus yuqtirganlar soni 6 213 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 4 858 nafari tuzalgan bo‘lsa, 53 kishi virus qurboniga aylangan.

Mavzuga oid