17:29 / 07.07.2020
10032

O‘zbekistonda insofli va qonunbuzar soliq to‘lovchilar ro‘yxati taqdim etildi

Endilikda «Soliq sohasida jamoatchilik nazorati» veb-portalida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib boruvchilar va qonunbuzarlar haqida ma'lumot berib boriladi, deyu ma'lum qildi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi

my2.soliq.uz elektron manzilida joylashgan veb-portalda soliqqa oid 30ga yaqin huquqbuzarliklar tavsifi va ularga belgilangan javobgarlik turi, jarima miqdorlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Portalda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar to‘g‘risida soliq siri hisoblanmaydigan ma'lumotlar, QQS to‘lovchilari, soliqlar va boshqa yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlar, bankrot korxonalar ro‘yxati taqdim etilgan.

«Portalning eng asosiy nuqtalaridan biri – insofli soliq to‘lovchilar va soliq sohasidagi huquqbuzarlar ro‘yxati hisoblanadi. Mazkur ro‘yxat tarkibi har kuni avtomatik tarzda yangilab boriladi. Uni shakllantirishda hozircha tadbirkorlik sub'yektlarining faqat qarzdorlik holati e'tiborga olinyapti. Kelgusida soliq to‘lovchilarni mazkur toifalarga ajratishga asos bo‘ladigan aniq mezonlar sonini kengaytirish rejalashtirilgan.

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik sub'yektlari insofli soliq to‘lovchilar ro‘yxatida bo‘lsa, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq ta'tillari berilishi mumkin. Soliq sohasidagi huquqbuzarlar ro‘yxatidan o‘rin egallagan tadbirkorlik sub'yektlarining insofli soliq to‘lovchilar safiga qo‘shilishi o‘zining soliq majburiyatlariga nisbatan munosabatiga bog‘liq», – deyiladi markaz axborotida.

Fuqarolardan soliq qonunchiligi buzilishi haqidagi xabarlar qabul qilinadi

Ma'lum qilinishicha, soliq huquqbuzarligidan xabardor bo‘lgan istalgan shaxs bu haqida veb-portal orqali xabar berishi mumkin. Buning uchun portalda qayd etilgan «Ishonch telefoni» yoki elektron ariza yuborish orqali davlat soliq xizmati organlariga xabar bera oladi. Bunda huquqbuzar tashkilot nomi (yoki fuqaroning ismi-sharifi), qaysi hududda joylashgani, huquqbuzarlik sodir etilgan manzil kabi ma'lumotlar aniq va to‘liq ko‘rsatilishi talab etiladi. Elektron ariza bilan birgalikda huquqbuzarlikka oid foto, audio hamda videomaterial yoki boshqa hujjatli ma'lumotlarni ham havola etish mumkin.

Foydalanuvchi o‘zining xabari bilan bog‘liq holda kechadigan barcha jarayonlar – huquqbuzarlik faktining tasdiqlanishi, huquqbuzarlikka oid tushuntirishlar, tekshiruv natijasi (mavjud bo‘lsa), huquqbuzarlarning jarimalari haqida xabardor bo‘lib borish imkoniga ega.

Top