Jamiyat | 10:00 / 08.07.2020
10427
2 daqiqa o‘qiladi

Buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan Maftunaga operatsiya uchun yordam kerak

Bir murojaat izidan Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining so‘lim Ammog‘on qishlog‘iga yo‘l oldik. U shahar markazidan 45 km narida, tog‘ orasida joylashgan bir qishloq ekan.

Bu yerga bizni mushtipar ona Saodat Jumayevaning murojaati boshlab keldi. Saodat opaning atirgul ifori ufurib turgan, odmigina, biroq orasta xonadoniga kirib bordik.

Uning 27 yashar, hali turmushga chiqmagan qizi Maftuna G‘aniyeva 10 yildan buyon o‘tkir buyrak yetishmovchiligi dardidan aziyat chekib kelmoqda. Maftuna oiladagi to‘rt farzandning uchinchisi, uch qizning o‘rtanchasi ekan.

Ular ayni damda qariyb 160 km naridagi Qarshi shahrida haftasiga uch marta gemodializda qon tozalatishadi. Maftunaning dardiga yordam berish uchun Telegramdagi turli guruhlardan xayriya yordamlari kelib turibdi.

Endi Maftunani buyrak almashtirish operatsiyasi qutqarishi mumkin. Buning uchun uning tug‘ishgan opasi — Saodat opaning to‘ng‘ich qizi donor bo‘lmoqchi.

Saodat opaning aytishicha, opa-singillarning buyragi bir-biriga mos kelishini aniqlash uchun DNK tahlili o‘tkazilishi kerak. Dastlabki bosqichda bu masala ularga 15 million so‘m mablag‘ zarur bo‘ladi. Oilada buncha pul yo‘q. Onaizor esa saxovatpesha xalqimizdan yordam kutmoqda.

Inson tanasi ham bir daraxtga o‘xshaydi. Kasallangan novda o‘rniga sog‘lomi payvand qilinsa u o‘sishda davom etadi. Meva beradi.

Hech kimning boshiga bunday kunlar tushmasin ekan. Oilaning so‘nggi uch yilda topgan daromadi qizning davolanishiga sarf bo‘lmoqda.

Biz ne ne mashaqqatlar va ko‘rguliklarda jim qarab tura olmaydigan mehribon xalqimizda Maftunaning dardiga malham bo‘lishni so‘rab qolamiz. Keling, ko‘pchilik bo‘lib bir qizning sog‘ayib ketishiga hissa qo‘shaylik.

Ehson qilinadigan mablag‘laringizni Maftunaning onasi Saodat Jumayeva nomiga ochilgan plastik kartochkalarga o‘tkazib berishingiz mumkin.

CLICK/PayME: 8600 0423 1219 9168 (Agrobank)

8600 0609 0701 2067 (Xalq banki)

Saodat Jumayeva nomida.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid