Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Onlayn darslarda ota-onalarga tushadigan yuk ko‘payib ketdi» – Xalq ta'limi vaziri
Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov karantin davrida onlayn ta'lim berish chog‘ida kuzatilgan muammolarga to‘xtaldi.
«Onlayn darslarda ota-onalarga tushadigan yuk ko‘payib ketdi. Agar ota-ona uyda o‘tirgan bo‘lsa, o‘zi ham mas'uliyatli bo‘lsa, ularning bolalari darslarni yaxshi o‘zlashtirishdi. Endi ota-ona uyda bo‘lmagan, karantin davrida ham ishda bo‘lgan, boshqa paytlarda ham bolasiga unchalik e'tibor qilolmagan bo‘lsa, ular haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Juda ko‘p ota-onalarimiz bor, farzandi qaysi maktabda o‘qishini bilmaydi. Yana bir toifada ota-onalar qizlarining ta'lim olishiga bo‘lgan munosabati bilan farqlanadi. Ular qizlarni o‘qishga rag‘batlantirish o‘rniga tezroq turmushga bervorish payida bo‘lishadi.
Onlayn maktabning eng katta kamchiligi shundaki, ta'limga katta e'tibor beradigan ota-onalarning farzandlari bilan «Maktabga borib nima qilasan, undan ko‘ra bor, molga qara», deydigan toifadagi ota-onalarning bolalari o‘rtasida bilimlarni o‘zlashtirishi bo‘yicha tafovut kattalashib ketdi. Agar ta'lim onlayn shaklda davom ettiradigan bo‘lsa, ana shu tafovut o‘sib boraveradi. Maktab ta'limi davlat nazoratida deyilishining ham sababi shundaki, bolalarimizning ta'lim olish huquqini ta'minlab berishimiz kerak» deb aytgan Sherzod Shermatov 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Xalq ta'limi vazirining «Onlayn maktab» loyihasi ishga tushirilgan dastlabki kunlarda televideniyeda texnik qiyinchiliklar kuzatilgani, qolaversa, joylarda internet tezligi bilan bog‘liq muammolar uchraganini ta'kidladi. Shu bilan birga u o‘zi rus tilini bilmay turib farzandini ruscha ta'lim beriladigan sinflarga o‘qishga bergan ota-onalar masofadan o‘qish paytida hammadan ko‘ra ko‘proq qiynalishganini ma'lum qildi.
«Toshkent shahrida har yili bitta muammo kuzatiladi. Oila rus tilini umuman bilmaydi, uyda umuman rus tilida gaplashilmaydi, lekin farzandini majburlab rus sinfiga o‘qishga bergan. Ana shunaqa ota-onalar karantin davrida maktablar yopilgach juda qiynalishdi.
Bolasining kitoblari, darsliklari ruschada. Televideniyeda berilayotgan darslar ham ruschada. Ota-ona ruschani tushunmaydi. O‘z-o‘zidan bu bolada ham ta'lim sifati pasayib ketadi.
Shuning uchun fursatdan foydalanib ota-onalardan farzandlarini o‘zbek maktablarga berishlarini iltimos qilardim. Mana, hozir 1-sinflarga o‘quvchilar qabul bo‘layapti», deydi u.
Avvalroq Sherzod Shermatov yangi o‘quv yilida maktablarda o‘qish tiklanishini rejalashtirilayotgani, lekin shunda ham televideniye orqali onlayn darslar davom ettirilishini ma'lum qilgan edi.
Mavzuga oid
20:23 / 12.02.2026
“15 mln kishining ma’lumoti sotuvda turgani yo‘q” - Sherzod Shermatov
11:02 / 12.02.2026
Kiberhujumda 60 mingtaga yaqin shaxsiy ma’lumot tarqalgan – Sherzod Shermatov
17:42 / 08.07.2025
UzIMEI bo‘yicha vazir Shermatovga senator so‘rovi yuborildi
14:10 / 20.02.2025