2 fevral kuni 15 million özbekistonlikning şaxsiga oid ma’lumotlar sizib çiqqani haqida xabar tarqalgan edi. Raqamli texnologiyalar vazirligida ötayotgan matbuot anjumanida bu kiberhujum tafsilotlari va uning oqibatlariga izoh berildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Vazir Şerzod Şermatovning ma’lum qilişiça, 2026 yil 27–30 yanvar kunlari 3 ta davlat idorasining axborot tizimlariga kiberhujumlar bölgan. Natijada ijtimoiy tarmoqlarda aytilganiday 15 mln emas, 60 mingtaga yaqin şaxsiy ma’lumotlar tarqalgan. Bunda 60 ming kişi emas, 60 mingta ma’lumot birliklari nazarda tutilmoqda. Bu birliklar fuqarolarning ism-şarifi, tuğilgan sanasi, manzili, telefon raqami kabi ma’lumotlardan iborat.
Vazirga köra, kiberhujumni bartaraf qiliş maqsadida tezkorlik bilan axborot infratuzilmalariga kelgusidagi ruxsatsiz kirişlarga çek quyilgan, texnik himoya qurilmalarida himoya vositalari yanada kuçaytirilgan.
Şuningdek, Yagona identifikatsiya tizimi (OneID)da qöşimça xavfsizlik çoralari körilib, şaxsiy ma’lumotlarni egasining roziligi asosida boşqa tizimlarga taqdim etiş yoki çeklaş imkoniyati yaratilgan.
Ta’kidlanişiça, firibgar bu ma’lumotlarni qölga kiritgani bilan, fuqaroning şaxsiy iştirokisiz uning nomidan biror bir xatti-harakatni amalga oşirolmaydi. Şu sababdan ular turli usullar bilan qolgan ma’lumotlar töplamini qölga kiritiş uçun navbatdagi xurujni amalga oşiradi.
Şu bilan birga, qölga kiritilgan uşbu ma’lumotlar töplami keyinçalik firibgarlarga aldov uçun vosita sifatida foydalaniş imkonini beradi.











