Jahon | 15:29 / 13.07.2020
44757
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda niqob taqib yurish majburiy qilindi, bozorlar va savdo markazlari yopildi

Turkmanistonda 13 iyuldan majburiy niqob taqib yurish rejimiga o‘tildi. Poytaxt Ashxobodda yirik «Barqaror» savdo-ko‘ngilochar majmuasi va «Tolkuchka» bozori karantinga yopib qo‘yildi.

Turkmen.news nashri manbasiga ko‘ra, Ashxobodda yaltirovchi mayoqlarini yoqib yurgan yo‘l politsiyasi avtomobili kezib yuribdi va baland ovozda odamlar uydan ko‘chaga niqob taqib chiqish kerakligi haqida ogohlantirilmoqda.

DAN postlarida, shaharga kirish qismida avtomashinalar to‘xtatilib, haydovchi va yo‘lovchilarda tibbiy niqob bor-yo‘qligi tekshirilmoqda. Agar niqob bo‘lmasa, politsiyachilardan 1 manatdan sotib olish taklif etilmoqda.

Turkmanboshida esa shaharga kirib kelayotganlarga niqoblar tekin tarqatilmoqda. Muhimi har bir haydovchida niqob bo‘lishi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning turli hududlaridagi dorixonalarning ko‘pchiligida antiseptik vositalari kamyob mahsulotga aylangan, boz ustiga ularning narxi ham oshgan. Niqoblar ham topilmayapti, shuning uchun tikuvchilar ko‘p martalik niqoblar tikishga o‘tib ketishgan. Bunday niqoblarning narxi talab va sifat nuqtayi nazaridan 3 manatdan 15 manatgacha baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Turkmanistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni baholash uchun JSST missiyasi ish olib bormoqda. Bugungacha virus yuqtirgan bemorlarning borligi yoki yo‘qligi haqida biror bayonot berilgani yo‘q. Ehtimolli Covid-19’dan vafot etgan bemorlarning barchasiga bitta tashxis qo‘yilmoqda – zotiljam (pnevmoniya).

Mavzuga oid