«Ijtimoiy soha inshootlari mahalla hisobida qoldirildi» - Yakkabog‘ tuman hokimligi yana asossiz ma'lumot tarqatdi
Joriy yil 8 iyulda Kun.uz saytida «Madaniyat maskani yeri kimga sotildi? – Yakkabog‘ hokimligi fuqarolarni aldab kelmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
Unda tumandagi Guliston MFY hududida bo‘lgan madaniyat uyi, yozgi klub binosi va kutubxonani aholiga uy-joy qurish uchun ochiq auksionda sotish to‘g‘risida chiqqan tuman hokimining qarori, fuqarolarning madaniyat uyi binosi buzilishi yuzasidan prezident virtual qabulxonasiga qilgan murojaatlari, bunga javoban esa tuman hokimiyat fuqarolarga yolg‘on va asossiz ma'lumotlar berib kelgani haqida so‘z yuritilgan edi.
Yakkabog‘ tuman hokimligi telegram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ushbu murojaat yuzasidan «Ijtimoiy soha inshootlari mahalla hisobida qoldirildi» sarlavhasi bilan rasmiy munosabatini e'lon qildi.
Avvalo, munosabat haqida. Hokimlik matbuot xizmati Kun.uz internet nashri ijtimoiy tarmoq emas, rasmiy, davlat ro‘yxatidan o‘tgan OAV ekanini bilmaydimi? Nega ochiq auksionda tadbirkorlik uchun sotilgan obektni aholi tomonidan foydalanib kelinmoqda degan yolg‘on ma'lumot bermoqda?
Hokimlik ma'lumotida aytilishicha, tuman Arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i Otabek Tilovov Geofizika ekspeditsiyasi hisobida turgan madaniyat uyi, kutubxona, yozgi kinoteatr binolari tashkilot ishchi-xizmatchilari va ularning oilalari foydalanishi maqsadida o‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan bo‘lib, 2007 yilda mahalla fuqarolar yig‘inlari tizimi shakllanishi munosabati bilan tashkilot tomonidan nol qiymatda «Eski Yakkabog‘» MFY hisobiga o‘tkazilib berilgan.
Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, Arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i Otabek Tilovov ham, Yer resurslari va davlat kadastri xizmati rahbari Uyg‘un Turdiyev ham Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mazkur obektlarning qachon GFE balansidan chiqqani, qaysi tashkilot yoki muassasaga o‘tkazilgani to‘g‘risida ma'lumotga ega emasliklarini aytgan, bu to‘g‘rida hujjatlar ham yo‘qligini ta'kidlagan edi.
Tuman hokimiyati mazkur binolarning 1970-yillarda qurilgani va go‘yoki «23 yildan buyon ta'mirtalab va abgor holatga kelib qolgan»ini «sabab» o‘laroq keltirib, hokimlik taklifi bilan tuman hokimining 2016 yil 31 avgustdagi 3393/08-sonli qarori bilan «Guliston» MFY hududidagi tuman zaxira yer fondidan jami 0,13 ga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlarini fuqarolarga kimoshdi savdosi orqali sotish maqsadida yakka tartibda uy-joy qurish uchun tanlab ajratib berilishi belgilangan va yer maydoni kimoshdi savdosiga chiqarilgan ekan.
Shu o‘rinda yana savol tug‘iladi: ijtimoiy obektlar uy-joy qurish uchun bo‘sh yer maydoni sifatida sotilishi mumkinmi? Eng qizig‘i, bu haqida mahalla fuqarolari ogohlantirilgan, kimoshdi savdosida qatnashishi mumkinligi aytilgan ekan. Murojaatchilar esa hech qachon bunday xabar va ma'lumotlar berilmagani, binolar buzilishi boshlangandan so‘ng xabar topishgani va muammo ko‘tarilganini ta'kidlaydi.
Hokimiyat xabarida «2019 yil 15 mart sanasida Yakkabog‘ tuman hokimi Sh.Donayevning Geofizika ko‘chasida yashovchi fuqaro Z.Sharipovga yo‘llagan xatida Geofizika ekspeditsiyasi klubi binosi sotib yuborilmagani va GFE balansida turgani aytiladi», degan so‘ziga kelsak, u yerdagi cho‘milish havzasi, bolalar maydonchasi, mini-o‘yingoh kabi ijtimoiy obektlar mahalla hisobida bo‘lib, hozirgi paytda aholi foydalanishi yo‘lida xizmat ko‘rsatib kelmoqda», «mahalla ahlining talablaridan kelib chiqib, ushbu obektlarning birortasi ham kimoshdi savdolarga qo‘yilmasligi va mahalla hisobiga olinib, aholi foydalanishi uchun xizmat kilishi belgilanib olingan», ekani aytiladi.
Hokimlik matbuot xizmati nahotki tumanda bo‘layotgan hodisalardan xabari bo‘lmasa, negaki o‘sha «cho‘milish havzasi», va «mini-o‘yingoh» allaqachon bo‘sh turgan yer sifatida tadbirkorlik qilish uchun auksionda sotilgan. Buni tuman kadastr bo‘limi ushbu yerlar bir qismi sotilishidan avval Kun.uz muxbiriga tasdiqlagan, bundan esa tuman matbuot xizmatininggina «xabari» yo‘q.
Kun.uz maqolasida ko‘rsatilgan, Yakkabog‘ tuman hokimining 2020 yil 27 iyunda fuqaro Hamrayeva Go‘zalga Prezident virtual qabulxonasiga qilingan navbatdagi murojaati yuzasidan yuborgan xatiga esa «ko‘z yumib ketilgan» yoki «asosli» vaj topilmagan ko‘rinadi.
Hokimlik xatida tuman ishchi guruhining o‘rganish natijasiga ko‘ra, GFE ko‘chasida joylashgan klub, yozgi kinoteatr hamda kutubxona binolari kimoshdi savdosi orqali tadbirkor Z.Muqimova tomonidan sotib olingani hamda fuqarolarga sotib yuborilmagani aytilgandi.
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
10:19 / 08.11.2024
“Tanish-bilish o‘tmaydi” – Kadastr agentligi direktori yerga egalik huquqini olishda firibgarlarga aldanmaslikka chaqirdi
20:28 / 01.11.2024
Fermer endi yerga ijara huquqini sotishi mumkin – savollarga javoblar
14:20 / 24.10.2024