Jamiyat | 15:39 / 08.07.2020
14619
8 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat maskani yeri kimga sotildi? – Yakkabog‘ hokimligi fuqarolarni aldab kelmoqda

Tahririyatga Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Guliston MFYdan murojaat kelib tushdi. Unda mahallaning Geofizika ko‘chasidagi eski klub, madaniyat uyi, yozgi kinoteatr va kutubxona binolari buzilgani, bu binolar joylashgan yer maydoni noqonuniy egallab olinib, atrofi beton devor bilan o‘rab olingani aytiladi.

Murojaatni o‘rganish maqsadida Geofizika ko‘chasida bo‘lganimizda, yuqorida nomlari keltirilgan binolar haqiqatan ham buzilgani, atrofi esa o‘rab olinganiga guvoh bo‘ldik.

Mahalliy fuqarolarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu madaniyat uyi, kutubxona va yozgi kinoteatrdan 2000 yilgacha faol foydalanib kelingan va sekin-asta qarovsiz holga kela boshlagan. Shunday bo‘lsa-da, 2008 yilgacha turli bayram va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilgan. Keyingi 5-6 yilda bu joydan foydalanilmagan.

«Biz uchun qadrdon bo‘lgan madaniyat maskani: klub, madaniyat uyi, kutubxona, yozgi kinoteatr 2007-2008 yillarda sotib yuborilgan. Biz esa bu haqda ancha keyin xabar topdik. Qizig‘i, 2017 yilda bu joyda uy-joy qurish va umrbod foydalanish uchun auksionda savdo o‘tkazilgan.

Biz haligacha tushunmayapmizki, mahalladagi fuqarolar foydalanib kelayotgan madaniyat maskani nega avvaliga tadbirkorga sotildi-yu, keyin esa uy-joy uchun auksionga qo‘yildi?!

Shu joy aholi uchun ko‘ngilochar markaz qilinsa yaxshi emasmidi? Bu imoratlarni buzib, vayrona qilib, keyin kimgadir pullash qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Bu madaniyat uyi bo‘lsa, buni faqat madaniyatsiz odam buzishi mumkin», – deydi fuqaro Aktam Ahmedov.

Klub atrofidagi muammolar 2018 yildan ko‘tarila boshlangan. Chunki shu yildan boshlab, mahallada yashovchi fuqarolar ta'kidicha, bu joyni sotib olganini da'vo qilgan tadbirkor tomonidan bino tomi buzilgan, qurilishga ishlatishga yaroqli barcha ashyolar esa tashib ketilgan.

Biz ma'lumot olish uchun Yakkabog‘ tuman Geofizika ekspeditsiyasiga borganimizda, tashkilot direktori U.Soatov klub binosi 2005-2007  yillarda Yakkabog‘ posyolkasi MFY balansiga o‘tkazilganini ma'lum qildi.

Shuningdek, tashkilot bosh hisobchisi F.Murodova: «Geofizika klubi tashkilot tarkibida ham narxsiz holatda, ya'ni balans qiymati nolda turardi, 2007 yili MFY balansiga o‘tkazilayotganda ham narxsiz holatda topshirildi. Bizga kelgan buyruqqa asosan, topshirish-qabul qilish dalolatnomasini qilganmiz. Klub ichidagi kutubxonaning kitoblarini tashkilot arxiviga hujjatlashtirib kiritganmiz.

2013 yilda tashkilotimiz qayta kadastrlashtirilganda klub bizning hisobda bo‘lmagan», deya qo‘shimcha qildi.

Ushbu klub binosi joyi haqida yanada batafsil ma'lumot olish uchun Yakkabog‘ tuman kadastr bo‘limida bo‘lib, kadastr hujjatlari bilan tanishganimizda, tuman hokimining 2016-2017 yilgi qaroridan oldingi ma'lumotlar yo‘qligi aniqlandi.

«Geofizika mahallasi hududida joylashgan madaniyat uyi, klub, yozgi kinoteatr binolari hech qanday hujjatlashtirilmagan. Faqatgina tuman hokimining 2016 va 2017 yilgi qarorlariga asosan ochiq auksionga chiqarilgani hamda auksionda yutib olingani to‘g‘risida kadastr hujjatlari mavjud xolos», – dedi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Uyg‘un Turdiyev.

Bizga taqdim etilgan hujjat – tuman hokimi J.Boboyevning 2016 yil 31 avgustdagi 3393/08-sonli qarorida Guliston MFY hududidagi tuman zaxira yer fondidan jami 0.13 ga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlarini fuqarolarga kimoshdi savdosi orqali sotish maqsadida yakka tartibda uy-joy qurish uchun tanlab ajratib berilishi belgilangan.

Shundan so‘ng 2017 yil 16 yanvarda tuman hokimi J.Boboyevning Guliston MFY hududidan fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer ajratish va uni ochiq auksion asosida realizatsiya qilish to‘g‘risida X-82/01-sonli qarori chiqqan. Unga ko‘ra, har biri 400 kv/m.dan iborat bo‘lgan jami 3ta yer maydoniga bo‘lgan huquqlar belgilangan tartibda ochiq auksionda sotilishi aytilgan.

Lekin fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan yer maydoni deb ko‘rsatilgan joyda madaniyat uyi, klub, kutubxona binolari mavjud bo‘lgan, binolar o‘sha paytda hali buzilmay turgan.

Tuman hokimi qarorida nima uchundir qator binolarga ega madaniyat maskani bo‘lgan «yer qishloq xo‘jaligi uchun foydalanilmayotgan, mahalla hududidagi bo‘sh yer maydoni» deb ko‘rsatilgan.

Mahalla fuqarosi Aktam Ahmedovning so‘ziga ko‘ra, tuman hokimi qarori bilan auksionda sotilgan 0.13 ga yer maydoni – umuman boshqa joy. Buni u qarorda ajratib ko‘rsatilgan yer maydonining tarxi bilan asoslaydi.

«Hokim chiqargan qaror bo‘yicha sotib olingan yer maydoni tarxi boshqa joy qilib ko‘rsatilgan, bu qaror tarxida aks etgan, lekin unga egalik da'vo qilayotganlar yerni egallab olgan», deydi u.

2017 yil 25 dekabr kuni tuman hokimi J.Boboyevning Guliston MFY hududidan fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer ajratish va uni ochiq auksion asosida realizatsiya qilish to‘g‘risida X-82/01-sonli qarori asosida har biri 400 kv/m.dan iborat bo‘lgan jami 3ta yer maydoni bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq auksionda Meyliyev Kamoliddin (2ta yer maydonini) va Ochilov Bahriddin yutib olgan.

Ikki tomonlama o‘yin. Hokimiyat fuqarolarni nega aldab kelmoqda?

Fuqarolarning ushbu muammo yuzasidan prezident portaliga yo‘llagan bir necha murojaatlariga javoban tuman hokimligi binoning go‘yoki buzilmagani haqida turli yolg‘on ma'lumotlar berib kelgan.

2019 yil 15 mart sanasida Yakkabog‘ tuman hokimi Sh.Donayevning Geofizika ko‘chasida yashovchi fuqaro Z.Sharipovga yo‘llagan xatida Geofizika ekspeditsiyasi klubi binosi sotib yuborilmagani va GFE balansida turgani aytiladi. Ammo fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, bu paytda binolar tomidan ayrilgan, devorlari esa buzilgan edi.

Xo‘sh, tuman hokimiyati nimani xaspo‘shlashga uringan, fuqarolarni aldashdan nima naf?

Shuningdek, ushbu xatda bu mahalla «Obod qishloq» dasturiga kiritilishi, shu asosda 2019 yilning o‘zida mahallada choyxona, kutubxona, mahalla guzari va boshqa ijtimoiy obektlar qurib berilishi aytilgan. Afsuski, bu ishlar uyoqda tursin, aqalli mahallaning ichimlik suvi muammosi hal etilmagan, odamlar ba'zan ariqda oqayotgan suvni ichishlariga to‘g‘ri kelayotganini aytishdi.

Bundan tashqari, 2020 yil 27 iyunda fuqaro Hamrayeva Go‘zalga Prezident virtual qabulxonasiga qilingan navbatdagi murojaat yuzasidan tuman hokimining bildirishnomasi yuborilgan. Unda aytilishicha, fuqaro Hamrayeva Go‘zalning mahallada joylashgan futbol stadioni, basseyn va madaniyat uyi odamlarga berib yuborilgani va ushbu obektlar mahalla tasarrufiga qaytarilishini so‘rab qilgan murojaati tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan.

 

Tuman ishchi guruhining o‘rganish natijasiga ko‘ra, GFE ko‘chasida joylashgan klub, yozgi kinoteatr hamda kutubxona binolari kimoshdi savdosi orqali tadbirkor Z.Muqimova tomonidan sotib olingan hamda fuqarolarga sotib yuborilmagan.

Ha, aziz o‘quvchi, sizning miyangizni shishirgan teskari mantiq fuqarolarni ham qiynab kelmoqda. Nega tuman hokimligi bir-biriga zid qaror va bildirishnomalar chiqarmoqda? Tuman hokimining bo‘sh turgan yerni ochiq auksionga sotish haqida bahsli qarori chiqib, keyingi hokimlar davrida esa aholiga noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etish kimga kerak?

Yigitali Mahmudov

Mavzuga oid