Jahon | 14:35 / 16.07.2020
10558
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston mamlakatning o‘zida taqchil bo‘lgan sun'iy nafas berish apparatlarini Tojikistonga yubormoqda

Foto: Kommersant'

Qozog‘iston mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan sun'iy nafas berish apparatlaridan 100 donasini insonparvarlik yordami sifatida Tojikistonga yubormoqda. Bu haqda Aziya-Plyus nashri xabar bergan.

Bu boradagi ma'lumotni Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Lyudmila Byurabekova tasdiqlagan. Ma'lum bo‘lishicha, bunday ko‘rinishdagi gumanitar yordam uchun Qozog‘iston hukumati 63,2 million tenge (153 ming dollar) sarflaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa qozog‘istonliklar bu holatni keskin qoralab, mamlakatning o‘zida sun'iy nafas berish apparatlari yetishmayotganda nega ular boshqa mamlakatga yuborilayotganidan ajablanishgan.

Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Lyudmila Byurabekova esa bu holatni quyidagicha izohlagan: «Hozir hamma davlatlar bir-biriga yordam bermoqda, biz ham chetda turayotganimiz yo‘q. Hozir hukumat Tojikistonga bemorlarni transportirovka qilish uchun tez tibbiy yordam mashinalarida foydalaniladigan portativ sun'iy nafas olish apparatlarini yuborish masalasini ko‘rmoqda», degan Byurbekova.

Ma'lum bo‘lishicha, ayni damda Qozog‘istonda tez tibbiy yordam mashinalari uchun kamida 680ta sun'iy nafas berish apparati kerak. Qozog‘istondagi statsionarlarda esa bunday uskunalarning 5 ming donasiga ehtiyoj bor. Ma'lumot uchun, Qozog‘iston pandemiya boshidan buyon Rossiya, Xitoy, AQSh, BAA, Yaponiya, Turkiya, Janubiy Koreya, O‘zbekiston va Qatar kabi davlatlardan gumanitar yordam olgan.

Eslatib o‘tamiz, 30 iyun kuni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sun'iy nafas olish apparatining taqdimoti bo‘lib o‘tgandi. Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi Slovakiya va Rossiyadan jalb qilingan 6 million AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya yordamida sun'iy nafas berish apparatlarini ishlab chiqarishni boshlagan. O‘zbekiston bunday turdagi apparatlarni ishlab chiqaradigan 12-mamlakatga aylangani aytilgandi.

Mavzuga oid