BBC muxbiri Nargiza Risqulova kasallikni boshdan kechirganlar va yaqinlarini yo‘qotgan ayrim kishilar bilan suhbat qurgan.

33 yoshli Gulnora hamkasblari bilan bir yarim oylik karantindan qaytib ishga chiqqanidan hafta o‘tmasdan Covid-19 yuqtirib oldi. Gulnoraning vazifasi shartnomalar tuzish va mijozlar bilan muzokaralar olib borishdan iborat. Ulardan biri koronavirusga testi musbat chiqqanini aytadi.

«Biz shokda edik, u aslo yo‘talmagan, aksirmagan edi. Ma'lum bo‘lishicha, u kasallikni simptomsiz kechirgan, — deya hikoya qiladi Gulnora. — Holbuki, ofisimizda niqob va qo‘lqopda yurish majburiy edi, ularni o‘z-o‘zimiz qolganda yoki tushlik qilgandagina yechardik. Bu mijoz ofisimizga tez-tez kelib turar, hattoki bir necha bor biz bilan tushlik ham qilgan edi. Undan yuqtirgan bo‘lishimiz ehtimoli katta».

Qozog‘istondagi vaziyat: shifoxonalar to‘lib-toshgan, dori-darmon tanqis

Bishkekdagi masjidga kirishda harorat o‘lchanmoqda / EPA

Gulnora Qirg‘izistonda Covid-19 boshlanganidan to‘rt oy o‘tib kasallandi. Dastlabki uch zararlanish mart oyi boshlarida Saudiya Arabistonidan umradan uchib kelgan ziyoratchilarda aniqlangandi. O‘shanda Covid-19’ga qarshi kurashuvchi respublika shtabi bu uch kishi uy karantini qoidalariga rioya qilmasdan 150dan ziyod inson bilan aloqa qilgani, shu sabab ularni yakkalab, testdan o‘tkazish kerakligini aytgan edi.

Qirg‘iziston qo‘shnilari Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi mart oyining oxirlarida havo chegaralarini yopib, butun mamlakat bo‘ylab qat'iy cheklovlarni joriy etdi.

Mamlakatning uch yirik shahri Bishkek, O‘sh va Jalolobodda, shuningdek, bir necha tumanlarda favqulodda holat rejimi hamda komendantlik soati joriy etildi. Mahalliy aholiga zaruratsiz uyni tark etmaslik tavsiya etildi. Ko‘plab korxonalarning xodimlari masofadan ishlashga o‘tdi, jamoat transporti va taksi faoliyati to‘xtatildi, mamlakatdagi barcha o‘quv dargohlari va bolalar bog‘chalari qariyb ikki oyga yopildi. Komendantlik soatini buzganlar ushlanib, jarimaga tortildi.