Qirğiziston prezidenti Sadir Japarov aholi salomatligini tarkibida nikotinli suyuqlik bölgan elektron sigaretalardan himoya qilişga oid qonunni imzoladi.

Qonun 2025 yil 1 iyuldan kuçga kiradi va şu sanadan boşlab Qirğizistonga elektron sigaretlarni olib kiriş, ulardan foydalaniş va elektron sigaretalar savdosi taqiqlanadi.

Elektron sigaretlaradan foydalaniş va ularni sotişni taqiqlovçi talablarni buzganlik uçun javobgarlik ham belgilanadi.

Jumladan, elektron sigaretalardan foydalanganlik uçun jismoniy şaxslarga 10 ming som (taxminan 1,5 mln söm), yuridik şaxslarga 60 ming som (taxminan 8,9 mln söm) ma’muriy jarima tayinlanadi. Elektron sigaretalarni sotganlik uçun esa jismoniy şaxslar 20 ming som (taxminan 2,96 mln söm), yuridik şaxslar esa 65 ming som (taxminan 9,6 mln söm) jarimaga tortiladi.

Qonunga binoan, Qirğiz Respublikasining Jinoyat kodeksiga ham özgartişlar kiritiladi. Unga köra, elektron sigaretalarni noqonuniy ravişda oz bölmagan miqdorda olib kirganlik uçun 2 oydan 1 yilgaça axloq tuzatiş işlari yoki 120 ming som (taxminan 17,8 mln söm) jarima yoxud muayyan faoliyat turi bilan şuğullaniş huquqidan 1 yilgaça mahrum qiliş jazosi qöllanadi.

Xuddi şu qilmiş katta yoki öta katta miqdorda sodir etilgan bölsa, 150–200 ming som (taqriban 22,2 mln – 29,6 mln söm) jarima yoki 1 yildan 2 yilgaça ozodlikdan mahrum qiliş va ma’lum faoliyat turi bilan şuğullaniş huquqidan 2 yilgaça mahrum qiliş jazosi beriladi.

Eslatib ötamiz, joriy yil aprelida Özbekistonda ham elektron sigaretalar va tamakini qizdiriş tizimlari muomalasini taqiqlaş haqida qonun loyihasi muhokamaga qöyilgan edi.

Avvalroq Toşkent şahar hokimi örinbosari Durdona Rahimova maktab öquvçilari orasida sintetik narkotik iste’mol qiliş köpayayotganini aytgandi.