19:04 / 18.07.2020
26636

Nega havodek zarur bo‘lib turgan tibbiy vositalar va tibbiy texnikalar importiga yengillik berilmayapti?

COVID-19 pandemiyasi keng quloch yoymoqda. Bunday paytda davlat idoralari, jamoat birlashmalari, yakka fuqarolar – hamma xatarni to‘g‘ri baholamog‘i, bir tan, bir jon bo‘lib pandemiyaga qarshi harakat qilmog‘i va kerakli choralarni hech kechiktirmasdan ko‘rmog‘i lozim. Har bir lahza kechikish ko‘plab salbiy, hatto mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkin. 

Pandemiya dinamikasini, uning qo‘shni mamlakatlarda rivojlanishini kuzatadigan bo‘lsak, mamlakatimizdagi holatni «keyingi to‘lqindan oldingi jimlik» deb atagan mutaxassislar ham bo‘ldi. Va chamasi, o‘sha to‘lqin endi o‘zining birinchi shamolini jo‘natyapti. Inchunun, voqealarning keyingi rivojiga tayyor turish kerak bo‘ladi.

Xususan, COVID-19'ning o‘rta va og‘ir formasiga chalingan bemorlar uchun deyarli havodek zarur bo‘lgan tibbiy buyum va tibbiy texnikalar ko‘plab kerak bo‘ladi. Masalan, kislorod konsentratori (havodan kislorodni ajratib beruvchi uskuna) va pulsoksimetr (qondagi kislorod miqdorini ko‘rsatuvchi vosita). Pandemiya miqyosi tibbiyotimiz imkoniyatlari uchun hozirdanoq og‘ir kelayotgani, bu esa ko‘plab fuqarolarimiz o‘z uylarida davolanishini taqozo qilayotgani bois, bunday tibbiy vositalarga talab nihoyatda ortadi. Va bu... tom ma'noda hayotiy talab.

Mazkur voqelik fonida bunday vosita va texnikalarni mamlakatimizga import qilishda qiyinchiliklar borligini, bu jarayonni yengillashtirish uchun tartiblarga o‘zgartish kiritilmayotgani kishini benihoya taajjublantiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining shu yil 15 apreldagi 121-sonli buyrug‘i bilan, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanganlarni davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari, tibbiy buyumlar va texnikalar ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatsiyalashtirish sharti bilan mamlakatimizga import qilinadigan bo‘ldi. Bu yaxshi. Biroq...

Birinchidan, achinarlisi shuki, mazkur ilovaning izohida «mazkur ro‘yxatga kiritilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar faqat Sog‘liqni saqlash vazirligining ehtiyoji loyihalari uchun tatbiq etilishi» ta'kidlangan...

Bu bilan COVID-19ga qarshi ishlatiladigan vositalarni tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan import qilish imkoni – eshigi yopilmoqda. Bu esa aholini mazkur vositalar bilan ta'minlanishi yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘ladi. Zero «ro‘yxatdan o‘tkazish» degani bu bir necha oy vaqt zoye degani.

Mazkur buyruq aprel oyida chiqarilganini hisobga olsak, vazirlikni biroz tushunsa bo‘ladi – aprel oyida pandemiya hali uncha quloch yoymagan edi. Ammo iyun-iyul oylarida vaziyat o‘zgardi.

Ikkinchidan – sertifikatlashtirish. Tadbirkor xorijiy kompaniyadan tibbiy texnika buyurtma bersa, uni ishlab chiqarish va yetkazish bir yarim hafta vaqtni oladi, sertifikatsiya olish jarayoni esa... bir oy! Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash agentligining metrologik nazoratini talab etuvchi tibbiy vositalarni hamda vositalarning elektromagnit muvofiqligi (bunga har qanday elektr bilan ishlaydigan jihoz kiradi) ekspertizasini talab qiluvchi vositani chetdan olib kelish kerak bo‘lib qolsa, unda... ikki oy! Shu bilan birga, tibbiy texnika va vositalarni sertifikatsiya qiluvchi tashkilot bizda... bir dona.

Pandemiya davrida, tibbiy texnika va vositalarning mamlakatimizda jiddiy yetishmovchiligi sezilib turgan sharoitda (hozir ichki bozorda na kislorod konsentratorini, na pulsoksimetr topa olasiz) mazkur cheklovlarning barchasi zudlik bilan olib tashlanishi zarur.

Shokir Sharipov

Top