Jahon | 21:11 / 18.07.2020
25271
4 daqiqa o‘qiladi

«Odamlar kislorod muammosini o‘zi hal qilyapti, bu – bema'nilik!». To‘qayev hokimlarni keskin tanqid qildi

Qozog‘iston prezidenti mamlakatda odamlar koronavirusga qarshi kurashda o‘zi kurashayotganini aytib, vaziyat shunchalikka kelib qolganini bema'nilik deb atadi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganini, odamlar muammolarini o‘zi hal qilishga urinayotganini aytdi.

«Davlat idoralarining mas'uliyatsizligi sabab odamlar bu muammoni mustaqil hal qilishga urinmoqda. Bu – bema'nilik. Tasavvur qilyapsizmi, odamlar sanoat ballonlarida kislorod sotib olmoqda. Axir bu kasalxonalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasi-ku!

Hovli va hatto ko‘p qavatli uylardagi odamlar sanoat ballonlarida kislorod sotib olib ishlatayotgani haqida ma'lumotlar bor. Hukumat va hokimlarga kasalxonalarda kislorod muammosini hal qilish, uylarda kisloroddan foydalanish (ya'ni tibbiy ballonlardan) sharoitini qilish uchun besh kun muddat beriladi», degan To‘qayev.

Qozog‘iston prezidenti shaharlarda ahvol yaxshilanayotgani barobarida qishloqlarda tashxis va davolash bilan bog‘liq muammo borligini aytgan: «Qishloqlarda tibbiyot xodimlarining yetishmasligi va tibbiy infratuzilmaning yo‘qligi hamon dolzarb muammoligicha qolmoqda. Hukumat 2 300ta universal mobil brigadalar tashkil qilishi vazifasini olgan, ammo ular asosan shaharlarda harakat qiladi. Qishloqlar haqida unutmaslik kerak. Hukumatga qishloqlardagi tibbiy holatni yaxshilash topshirig‘i berildi», degan To‘qayev.

Qozog‘iston prezidenti videoselektor ko‘rinishidagi yig‘ilishda hukumat va hokimlarni keskin tanqid qildi: «Hujatlarda hammasi yaxshi, lekin aslida vaziyat yomon. Administratsiyamga butun mamlakat bo‘ylab dori-darmon vositalarining qanchalik yetib borganini tekshirish vazifasini berdim. Atirau, G‘arbiy-Qozog‘iston, Jambul, Karaganda, Nur-Sulton va Olmaotada hayotiy zarur vositalar taqchilligi va ularni sotib olish uchun uzundan-uzun navbatlar kuzatilmoqda. Qora bozor rivojlanib ketyapti.

Hokimlar aftidan favqulodda holatlarda nima qilishni bilmay qolgan. Ular birlamchi muammolarni hal qilishda no‘noqlik qilib odamlarning hukumatga bo‘lgan ishonchini pasaytirmoqda.

Ba'zi hududlarda kasallik aniqlanish holatlari past va afsuski, bu joylardagi laboratoriyalar faoliyatining yomonligi sabab. Hukumatga test o‘tkazish tizimi bo‘yicha jiddiy nazorat o‘tkazishni buyuraman. Biz hech nimani yashirmasligimiz kerak», deb To‘qayevning so‘zlarini keltirmoqda Tengrinews.kz sayti.

Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash uchun juda zarur bo‘lgan kislorod konsentratorlari importi uchun bojxona to‘lovlari bekor bo‘lgani e'lon qilingandi. Biroq hozirda mamlakatning aksar hududlarida dori-darmon vositalari yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Dorilar narxi 20 baravargacha ko‘tarilib ketgan.

Internetda foydalanuvchilarning koronavirus alomatlari bor og‘ir ahvoldagi yaqinlarini kasalxonaga yotqiza olmayotgani haqidagi postlar tobora ko‘payib bormoqda. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari Qirg‘iziston va Tojikistonda ham bemorlarni kasalxonalarga yotqizish bilan muammo kuzatilmoqda. Turkmanistonliklar esa «chang havo sabab» niqob taqishni boshlashdi.

O‘zbekistonlik iqtisodchi mamlakatdagi kislorod konsentratorlari muammosini hal qilish uchun birlashish kerakligini aytgan va muammoning yechimi sifatida tadbirkorlar bunday konsentratorlarni olib kirib ichki bozorni ta'minlashini keltirgandi.

Mavzuga oid