O‘zbekiston | 23:09 / 21.07.2020
10514
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus aksiya boshlandi

«Yuksalish» umummilliy harakati koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarning fidokorona xizmatlari uchun minnatdorlik bildirish maqsadida maxsus fleshmob-aksiyani boshladi. 21 iyul kuni aksiya doirasida Toshkentdagi «Humo Arena» muz saroyi hamda «Hilton» mehmonxonasining LED-ekranlarida «O‘zbekiston shifokorlariga rahmat» yozuvlari paydo bo‘lgan.

«O‘zbekiston dunyo mamlakatlari qatorida koronavirus sinovidan o‘tmoqda. Bunda tibbiyot xodimlarining xizmati katta. Ular ayni vaqtda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda old saflarda turib jang qilmoqda va har kuni haqiqiy qahramonlar kabi jasorat ko‘rsatib, bemorlar hayotini saqlab qolmoqda. 

Dunyo bo‘yicha odamlar pandemiyaga bilan kurashayotgan shifokorlarga turli yo‘llar bilan minnatdorlik bildirmoqda. Ko‘pchilik asfalt ustiga «rahmat» so‘zini yozib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tashakkur aytmoqda. Shifokorlarga bunday ta'zim shak-shubhasiz hurmat-ehtirom va e'tirof namunasidir.

Mamlakatimiz shifokorlarining koronavirus (COVID-19) bilan kurash yo‘lidagi fidokorona xizmatlari uchun minnatdorlik izhor qilish maqsadida «Yuksalish» umummilliy harakati «O‘zbekiston shifokorlariga rahmat» mavzusida fleshmob-aksiyasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqmoqda», deyiladi harakat axborot xizmatining xabarida.

Qayd etilishicha, aksiya doirasida «Humo Arena» muz saroyi hamda «Hilton» mehmonxonasining LED-ekranlarida targ‘ibot-roligi namoyish etilgan. Katta ekranlarda shifokorlarga minnatdorlik bildirilgan so‘zlar paydo bo‘lgan. Namoyish mahalliy telekanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan.

Eslatib o‘tamiz, pandemiya davrida tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlovchi bu kabi aksiyalar ko‘plab xorij mamlakatlarida o‘tkazilgan. Jumladan, Moskvadagi Ostankino teleminorasi shifokorlarga minnatdorlik so‘zlari aks etgan videolavhalar bilan bezatildi. Shuningdek, AQShdagi Empayr-steyt-bilding, BAAdagi Burj Xalifa, Kanadadagi Si-En Tauer va boshqa osmono‘par inshootlar illyuminatsiyalarga boy bo‘ldi.

Google kompaniyasi ham bir necha dudllari yordamida shifokorlarga dalda berishga harakat qilgani ahamiyatlidir. Tokio-2020 yozgi Olimpia o‘yinlarining tashkilotchilari esa olimpia bog‘idagi «Komadzava» binosini ko‘k rangga bo‘yashdi. Mantiqqa ko‘ra, bu boshqa davlatlar bilan birlashish, tushunish, qo‘llab-quvvatlash ramzidir. Skytree teleminorasi ham sog‘liqni saqlash sohasida mehnat qilayotgan insonlarga minnatdorchilik ma'nosida xuddi shunday ramziy rangga burkandi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid