Koronavirusga chalinib tuzalgan abituriyentlarga imtihonda qatnashishga imkon beriladi
2020/21 o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan kirish imtihoni kunida abituriyentning tana harorati 37 darajadan yuqori bo‘lsa, imtihonga kiritilmaydi. Ular uchun test sinovlari to‘liq yakunlangach, to‘rtinchi kuni imtihon o‘tkaziladi. Virusdan zararlangani aniqlangan abituriyentlarga esa belgilangan vaqtda imtihonga kirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi ruxsatnomasi talab etiladi.
Bugun, 22 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorov koronavirus pandemiyasi davrida abituriyentlarning imtihonga kiritilishi shartlari to‘g‘risidagi savollarga javob qaytardi.
«Pandemiya sharoitida test sinovlari jarayonida abituriyentlarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida hududga kiritishda tana harorati 37 darajadan yuqoriligi aniqlangan abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi. Sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik agentligi mas'ul xodimlari va Davlat test markazi vakili ishtirokida dalolatnoma tuzib, tibbiy tekshiruv o‘tkaziladi.
Mazkur tartib Davlat komissiyasining 1-sonli bayoni bilan belgilab qo‘yilgan. Abituriyentning harorati ma'lum vaqt o‘tgach Sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik agentligi mas'ul xodimlari tomonidan tekshirilganda ham tushmaydigan bo‘lsa, u test sinovlariga kiritilmaydi.
Bu abituriyent faqatgina test sinovi jarayonlari to‘liq yakunlangandan keyin, ya'ni, test sinovlari bir oy davom etsa, 34-kuni test topshiradi. Agar test sinovlari 25 kun davom etadigan bo‘lsa, abituriyent imtihonni 29-kunda topishradi. Faqat mana shunday holatdagi abituriyentlar uchungina qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazish belgilab qo‘yilgan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shuningdek, virusga chalingan abituriyentlar uchun qanday yo‘l tutilishi haqida ham savol berildi. Ma'lum qilinishicha, abituriyentda kasallik aniqlangan va u karantinga olinib davolanayotgan bo‘lsa, u testlarga qo‘yilmaydi va alohida test tashkil qilinmaydi.
«Oliy ta'limdagi o‘qish bu majburiy ta'lim emas. Hozir OAVda yoritilayotganda keng jamoatchilik ham bu masalaga ahamiyat berishi kerak.
Bizda jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash bilan birga abituriyentga ham qo‘shimcha imkoniyat berilyapti. Deylik, abituriyent oxirgi tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra sog‘lom chiqqan. Biz bu jarayonda unga imkoniyat beryapmiz.
Ammo abituriyentda kasallik aniqlansa va belgilangan kunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan unga sog‘lomligi haqida xulosa berilmasa, test sinovlariga qo‘yilmaydi», dedi Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i.
Bundan avvalroq, O‘zbekistonda bu yilgi test sinovlari karantin qachon tugasa o‘shanda boshlanishi mumkinligi xabar qilingandi.
Mavzuga oid
15:10 / 07.12.2023
Avval test ishlab, keyin qayerda o‘qish tanlanadi – 2024 yildan abituriyentlar qabuli o‘zgaradi
15:07 / 03.11.2023
Umumta’lim fanlaridan o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar ro‘yxati e’lon qilindi
13:15 / 26.09.2023
Kollej, texnikumlarga OTM kirish imtihonlarida to‘plagan ball bilan qabul qilinish mumkin. Muammo nimada?
15:01 / 21.09.2023