«Ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy xabarlar ta'sirida ko‘pchilik o‘zini koronavirusga chalingandek tasavvur qilmoqda» – ekspert
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Odilova ayni paytda tibbiyot muassasalariga murojaatlar ko‘payganini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan salbiy xabarlar ta'sirida ko‘pchilik o‘zini koronavirusni yuqtirgandek tasavvur qilayotgani bilan izohladi.
«Bugungi kunda tez tibbiy yordam tizimi, statsionar tibbiyot muassasalari, ambulator poliklinika muassasalari, joylardagi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlariga murojaat qilayotganlarning juda ko‘p qismi o‘zlarida COVID-19 alomatlarini sezishayotganligini aytishmoqda. Lekin ularning hammasida ham bu alomatlar aynan koronavirusga tegishli ekani isbotlanmayapti.
Vahimaning o‘zi ham yarim kasallik degan naqlni esdan chiqarmasligimiz kerak. Bugungi kunda bizda, masalan, talaba bo‘lib yurgan vaqtimizda ham qaysi siklni o‘tsak, mana shu sikldagi kasalliklarning belgilari xuddi o‘zimizda ham paydo bo‘layotgandek tuyulardi.
Hozir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma'lumotlar, videolavhalar, noxush xabarlarning hammasi, albatta, har bir insonning ruhiy holatiga ta'sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Bularning ta'sirida xuddiki nafasimiz bug‘ilayotgandek tasavvur hosil bo‘ladi. Yoki o‘tgan yillar ham xuddi shunday shamollash belgilari bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin o‘pkani MSKT qilishga yoki test topshirish uchun SeOMga yugurib bormaganmiz. Yo bo‘lmasa, ahvolim yomon, darhol shifoxonaga yotishim kerak, deb murojaat qilmaganmiz.
Bugungi kunda aynan mana shunday noxush holatning bor ekanligi uchun ham vahima kayfiyati aholimiz orasida juda ham ko‘payib ketgan. Vahimaga berilishga hech qanday asos yo‘q. Shifokorlarimiz qo‘llaridan kelgan barcha harakatni amalga oshirishmoqda. Respublika maxsus komissiyasi epidemiyaning keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli ehtiyot choralarini ko‘rmoqda», deya Barno Odilovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mutaxassis vahimaga berilmaslik, xushkayfiyatda bo‘lish kasal bo‘lmaslikda muhim ekanini ta'kidladi.
«Biz internet orqali kuzatayotgan Ispaniya, Italiyadagi holatlar respublikamizda yo‘q. Lekin murojaat ko‘p. Tez tibbiy yordam tizimiga asossiz murojaatlar ko‘paygani uchun ham mana shunday noxush holatlar ko‘paymoqda. Bunday holatda nima deyishimiz kerak?
Avvalambor, mana shunday holatga tushgan aholimiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan noxush xabarlardan tiyilishimiz talab etiladi. Chunki bu kayfiyatning muttasil yomon bo‘lishi odamning immuniteti susayishiga olib keladi.
Nima uchun bolalarda kasallik yengil kechadi? Chunki ular vahima nima ekanligini bilishmaydi. Nima uchun biz faqat 65 yoshdan oshgan aholida mana shunday kasallik og‘ir o‘tishi mumkin deb ularni asrashga harakat qilayapmiz. Bundan tashqari, o‘rta yoshdagilar yoki yoshlar orasida, biz tahlil qilib chiqdik, ko‘proq erkaklar orasida kasallanish ko‘proq uchrayapti. Bunga qaysidir ma'noda vahimaga tushish natijasida «o‘zini o‘zi yakkalash» qoidalariga amal qilinmayotgani ham sabab bo‘lmoqda.
Hozirgi vaqtda oilada ruhiy muhit bo‘lishini ta'minlashimiz kerak. Bizga eng keraklisi bu – to‘laqonli uyqu, xushkayfiyat bilan birgalikda sog‘lom turmush tarziga rioya qilishimiz kerak bo‘ladi», deydi Barno Odilova.
Mavzuga oid
17:49 / 14.08.2023
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi sut sotuvi boshlandi
18:58 / 06.05.2023
JSST koronavirus hech qachon butunlay yo‘q qilinmasligini aytdi
19:23 / 05.05.2023
JSST koronavirus pandemiyasi tugaganini e’lon qildi
18:19 / 02.05.2023