O‘zbekiston | 18:20 / 24.07.2020
12529
3 daqiqa o‘qiladi

«Pnevmoniyaga chalinmaslik uchun har kuni nafas mashqlarini bajarish, jismoniy harakatni ko‘paytirish talab etiladi» – shifokor tavsiyasi

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Odilova pnevmoniyaga chalinmaslik uchun kuniga 10 martagacha nafas mashqlarini bajarishni, shuningdek, jismoniy faollikni oshirishni tavsiya qildi.

«Pnevmoniyaga chalinmay desangiz, har kuni har ikki-uch soatda nafas olish mashqini bajarishingiz kerak bo‘ladi. Nafas olish mashqi qanday bajariladi? Buning uchun o‘pkani to‘ldirib nafas olamiz. Bunda ko‘krak qafasi, qorin mushaklari, yelka mushaklari – hammasi ishtirok etishi kerak bo‘ladi.

O‘pkani to‘ldirib nafas olgandan keyin uni iloji bo‘lsa bir daqiqagacha ushlab turib, so‘ngra o‘pkadagi havoni sekin-astalik bilan chiqarish kerak bo‘ladi. Har bitta bemor buni holatidan kelib chiqqan holda kuniga har ikki-uch soatda besh martadan o‘n martagacha takrorlashishi kerak bo‘ladi.

Nafas mashqlarini bajarish bizga nimani beradi? Bu maksimal miqdorda kislorodning organizmga kirgach, o‘pkadagi aviolalar kislorodga to‘yinadi hamda o‘pkadagi qon aylanish tizimi yaxshilanadi. Buning evaziga pnevmoniya, ya'ni zotiljam kasalligi yuzaga kelishining oldini olishimiz mumkin bo‘ladi», deya Barno Odilovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassisning aytishicha, pnevmoniya bo‘lmaslik uchun jismoniy faollikni ko‘paytirish, basharti kasallik boshlanganda ham mashqlarni to‘xtatmaslik talab etiladi.

«Pnevmoniyaga chalinadigan bemorlarda odatda jismoniy faollik juda kam bo‘ladi. Bemor kuniga bir necha marta, hattoki to‘shagida yotgan vaqtda ham jismoniy faollik mashqlarini bajarishlari kerak bo‘ladi.

Yoki xonaning ichida bo‘lsa ham piyoda yurish mashqlarini bajarish bemorlar uchun nihoyatda muhim. Chunki har bitta harakat orqali organizmda qon aylanishi yaxshilanishi va o‘pkaga kislorod kelishini yaxshilashimiz mumkin bo‘ladi», deydi Barno Odilova.

Mavzuga oid