O‘zbekiston | 15:12 / 26.07.2020
23180
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyo miqyosida Covid-19'ga qarshi «Plakvenil»ni qo‘llash to‘xtatilmoqda. Mutaxassis buning sababini tushuntirdi

Immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva nega koronavirusni davolashda «Plakvenil» (gidroksixloroxin) dorisidan foydalanmaslik kerakligini tushuntirdi.

Foto: 112.ua

«O‘z vaqtida «Plakvenil» ko‘plab odamlarni bezgakdan qutqarib qolgan. Bu preparat bezgakdan davolash uchun ishlab chiqilgan va yaxshi foyda bergan. U immunitetni tushiruvchi (immunosupressor) xususiyatga egaligi bois keyinchalik revmatologlar ham undan foydalana boshlashdi.

Gap shundaki, preparat berilgach, uning ta'sirini oldindan aniq-ravshan taxmin qilib bo‘lmaydi. G‘arb tibbiyotida esa kasallikni davolashda maqsadli harakat qilinadi. Agar interleykin-6 (yallig‘lanishga qarshi ishlovchi tsitokin) ko‘tarilgan bo‘lsa, aynan shuni tushirishga qaratilgan preparat yuboriladi.

«Plakvenil» esa immunitetning muayyan qismlarini emas, balki to‘liq tushiradi. Aynan biz miqdorini pasaytirishimiz kerak bo‘lgan interleykinnigina emas, butun immunitetni tushirib yuboradi. Natijada organizm yangi kasallikka qarshi o‘zida immunitet hosil qila olmaydi.

Immunitetni sun'iy ravishda tushirsak, nafas yo‘llaridagi mikrob va bakteriyalarning ko‘payishiga sharoit yaratib bergan bo‘lamiz. Agar bemorda pnevmonit (o‘pka alveolalarining yallig‘lanishi) kechayotgan bo‘lsa, bakteriyalar ko‘paygani hisobiga bakterial pnevmoniya ham paydo bo‘lishi mumkin.

Empirik kuzatuvlar «Plakvenil»ning koronavirusda kerakli tarzda ishlamasligini ko‘rsatdi. Shuning uchun undan voz kecha boshlashdi. Bu degani gidroksixloroxin yomon dori degani emas, shunchaki koronavirus kasalligida u samara bermaydi; yetkaziladigan zarar olinadigan foydadan ko‘proq bo‘ladi.

Shuningdek, «Plakvenil» kumulyativ ta'sirga ega, ya'ni u organizmga kirgandan keyin tezda chiqib ketmay, birmuncha uzoqroq vaqt saqlanib qoladi va ta'sir ko‘rsatib turadi. Vaholanki, bemorning organizmida boshqa kasalliklar, masalan jigar xastaligi bo‘lishi mumkin. Ko‘plab dorilar aynan jigar orqali metabolizmdan o‘tadi», – dedi mutaxassis «Tez yordam» dasturining 25 iyul kungi sonida.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan aksariyat davlatlar gidroksixloroxinni koronavirusdan davolashda foydalanishni to‘xtatgan.

Avvalroq preparat O‘zbekistonda ham davolash protokolidan chiqarilgan bo‘lsa-da, uni muayyan shaxslar protokolga qaytarishga urinayotgani ma'lum bo‘lgan edi. Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Klara Yodgorova ushbu preparatning COVID-19 terapiyasida qo‘llanilishi zararidan ogohlantirgach, «jim yurishi»ni talab qilib noma'lum shaxsdan tahdidli qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgandi.

Mavzuga oid