Kun.uz muxbiri Toshkent shahar Novza jome masjidi imom xatibi Jaloliddin domla Hamroqulov bilan Zulhijja oyi, uning dastlabki 10 kunligi fazilati, Qurbon hayiti, qurbonlik hukmiga doir masalalarda suhbat uyushtirdi. Muloqot chog‘ida bugungi kundagi asosiy mavzu – xastaliklardan davolanish va faqat Yaratgandan so‘rash borasidagi Islom ta'limoti haqida ham so‘z bordi.

Quyida Islom dinida davolanish va duo qilib so‘rash borasida qanday yo‘l tutilishi haqida bilimlarga ega bo‘lishingiz mumkin.

– Ijtimoiy tarmoqlarda vatandoshlarimiz ikkiga bo‘linib qolgandek. Kimdir shu kasallik yuzasidan davolanish kerak deydi, yana boshqa toifa «yo‘q, faqat Allohdan so‘rash kerak, taqdirda bori bo‘ladi», deb qo‘yishadi. Albatta, musulmon sifatida Allohdan so‘rash kerakligini e'tirof etamiz, lekin dinimizda kasallikni yengish uchun davolanishning o‘rni, hukmi qanday?

– Juda ham o‘rinli savol bo‘ldi. Mana mashhur hadis – Sa'd ibn Abu Vaqqos roziallohu anhu aytadilar: «Betob bo‘lib qoldim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘rgani keldilar. Shunda ko‘ksimga qo‘llarini qo‘ydilar, men uning muzdayligini his qildim va menga «davolangin, Bani Saqif qabilasidan bo‘lgan tabibga bor. U xurmoni olsin-da, danagi bilan yanchib bersin», dedilar. Shunday qilgan edim, shifo topdim».

Bundan boshqa sahih hadislarda ham payg‘ambarimiz: «Davolaninglar, Alloh osmondan qanday dard tushirgan bo‘lsa, davosini ham tushirgan», deganlar. Davo qidirishlik qanchalik muhim bo‘lsa, davolanishlik ham shunchalik muhimligi eslatib o‘tilgan.

Bu yerda tabobat ilmi egalarini o‘sha kasallikni tuzatishlikka harakat qilishligi, ustida ishlashligi va dori-darmon topishligining qanchalik shartligi shu hadislarda ko‘rinadi. Chunki Rasulimiz davolaninglar deb buyuryaptilar. Qanday dard tushgan bo‘lsa, unga qo‘shib davosiyam tushirilgan.

Bemor bo‘lgan inson ham Alloh dard beribdi, bo‘ldi endi deb emas, harakat qilib berilgan davosini topishga urinishi kerak. Bundan ko‘rinadiki, yuqoridagi ikki tarafdagi tushuncha ham muolaja qilishlikka muhtoj.

Albatta, bugungi kundagi pandemiya bo‘lsin yoki boshqa kasalliklar bo‘lsin, hech bir narsa Allohning irodasisiz bo‘lmaydi va o‘z o‘rnida aytish kerakki, shu kasallikdan omonda bo‘lsa, o‘zini qahramon his qilmasin. Men zo‘rman, immunitetim baquvvat yoki qoidalarga rioya qilganim bilan kasal bo‘lmayapman, demasin. Chunki Allohning fazli bilan shu kasallikdan omonda yuribdi.