Andijonda ko‘p kvartirali uylarni kapital ta'mirlashni moliyalashtirish uchun maxsus jamg‘arma tashkil etildi
So‘nggi uch yil davomida respublikada mavjud ko‘p kvartirali uy-joy fondini ta'mirlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2017 yilda ta'mirga muhtoj bo‘lgan 29 ming 400dan ortiq ko‘p kvartirali uylardan 2017–2019 yillarda 22 ming 700 dan ortiq ko‘p kvartirali uylar ta'mirlandi.
Shu yillar davomida ko‘p kvartirali uylarni ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun asosan tijorat banklarining mablag‘lari jalb etildi. Jumladan, ushbu maqsadlarda 1 trln 667 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lsa, bundan 1 trln 364 mlrd so‘m (81,8 foiz) tijorat banklarining shirkatlarga ajratilgan kreditlari tashkil etadi, qolgan 290 mlrd so‘m (17,4 foiz) mahalliy budjet va 13 mlrd. so‘m (0,8 foiz), xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lariga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunga kelib, shirkatlar moliyaviy-iqtisodiy nochor holatda bo‘lganligi uchun ajratilgan kredit mablag‘lari o‘z vaqtida tijorat banklariga qaytarilmayapti.
Misol uchun, 1 100 ta (25 foiz) atrofida shirkat iqtisodiy nochor holatda. Tijorat banklar oldidagi shirkatlarning qarzdorligini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, mazkur 1 100 ta shirkatning bank kreditlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 61 mlrd so‘mga yetgan. Yuzaga kelgan holatda tijorat banklar tomonidan kelgusida shirkatlarga kreditlarni ajratilishida bir qancha muammolar paydo bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, joriy yilda respublika bo‘yicha 3 212 ta ta'mirga muhtoj uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun hisob-kitoblarga ko‘ra 175 mlrd. so‘m talab etiladi.
Ushbu holat ko‘p kvartirali uylarni ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni va yangicha yondashuvlarni joriy etishni taqozo etmoqda.
Keyingi uch yil davomida to‘plangan tajriba va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlili hamda bu borada rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan ko‘p kvartirali uylarni ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etilmoqda.
Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ko‘p kvartirali uy-joy fondini kapital ta'mirlashni moliyalashtirish uchun maxsus jamg‘arma tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur Jamg‘arma mablag‘lari viloyat (tuman, shahar) hokimliklarining budjetdan tashqari mablag‘lari, uy-joy mulkdorlarining majburiy badallari, Xalqaro moliya institutlari kreditlari va grant mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari kreditlari hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Andijon viloyati xokimligi tashabbusi bilan respublikada ilk bor ushbu jamg‘arma Andijon viloyatida tashkil etildi. Bu haqda Kun.uz’ga vazirlik axborot xizmati ma'lumot berdi.
Joriy yilning 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri hamda Andijon viloyati xokimi «Ko‘p qavatli uy-joy fondini kapital ta'mirlash jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi qo‘shma qarorni imzolandi.
Qo‘shma qaror O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov tomonidan tasdiqlangan, «Andijon viloyatining shahar va tumanlarini rivojlantirish bo‘yicha vazirliklar, idoralar xo‘jalik birlashmalari hamda Andijon viloyati, shahar va tumanlari hokimliklari tomonidan 2020 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar» dasturi ijrosi doirasida qabul qilindi.
Qo‘shma qarorga asosan Ko‘p qavatli uy-joy fondini kapital ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish jamg‘armasi yuridik shaxs tashkil etmasdan Andijon viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi huzurida tashkil etildi.
Qo‘shma qaror bilan «Ko‘p kvartirali uy-joy fondini kapital ta'mirlash jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom tasdiqlandi.
Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan kelishilgan holda Andijon viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan manzilli ro‘yxat asosida sarflanadi. Joriy yilda Andijon viloyatida ta'mirga muhtoj bo‘lgan 48 ta ko‘p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun ta'mirlash ishlari aynan shu jamg‘armadan moliyalashtiriladi.
Ko‘p kvartirali uylarni ta'mirlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi «Ko‘p kvartirali uylar, issiqlik ta'minoti obektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi»ning Andijon viloyati filiali, bosh pudratchi funksiyasini viloyat «Ta'mirlash-tiklash xizmati» DUK amalga oshiradi.
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanishni nazorat qilish va belgilangan ta'mirlash ishlarini muvofiqlashtirish Nizomda ko‘rsatilgan Ishchi guruh hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi «Uyjoyfondinspeksiyasi»ning Andijon viloyati hududiy inspeksiyasi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.
Nizomda ko‘p kvartirali uylarni ta'mirlash bo‘yicha amalga oshirilgan ish xajmi Ishchi guruh tomonidan qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Ko‘p kvartirali uy-joy fondini ta'mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha joriy etilayotgan yangi mexanizm kapital ta'mirlash ishlari shaffofligini va mablag‘larning maqsadli sarflanishini ta'minlashga, loyiha-smeta hujjatlari va ta'mirlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishiga, shuningdek bu borada o‘tgan yillar davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Jamg‘armaning tashkil etilishidan ko‘zlangan pirovard maqsad — ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, Andijon tajribasidan kelib chiqqan holda ko‘p qavatli uy-joy fondi kapital ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etiladi.
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
11:52 / 02.11.2024