Jahon | 22:20 / 27.07.2020
25557
3 daqiqa o‘qiladi

Vetnamda yana virus tarqala boshladi, Danang shahri sayyohlar uchun yopildi

Foto: AFP

Vetnamdagi Danang kurort shahridan 80 ming sayyoh koronavirus avj olishi tufayli ko‘chiriladi. Bu haqda Vetnam hukumati ma'lum qildi.

Evakuatsiya uchun kamida to‘rt kun ketishi mumkin. Ko‘pchiligi mamlakatning boshqa hududlaridan bo‘lgan turistlar mahalliy aviakompaniya samolyotlarida tashiladi. Aviakompaniya Danangdan boshqa 11 shaharga jami 100ga yaqin reyslarni amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.

Hukumatning rasmiy axborot portali ma'lumotiga ko‘ra, 25 iyul kuni Danangda yashovchi 57 yoshli kishida virus aniqlangan. U so‘nggi bir oy davomida mamlakatdan tashqariga chiqmagan. Taxminlarga ko‘ra, u virusni shahardagi shifoxonalardan birida yuqtirib olgan. 26 iyul kuni shaharda yana ikkita yangi holat aniqlandi, 27 iyul kuni esa bemorlar soni 11 nafarga oshdi. Ayni vaqtda bemorlarning ikki nafari og‘ir ahvolda sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Hukumatning qayd etishicha, Danangda koronavirusning nisbatan oson xavfliroq bo‘lgan yangi shtammi tarqalgan. Tadqiqotlarga qaraganda, virus juda tez ko‘paymoqda va tezroq og‘ir ahvolga tushirmoqda.

Ekspertlar virus 2 yo‘l bilan paydo bo‘lgan deb hisoblamoqdalar: noqonuniy migrantlarning mamlakatga kirib kelishi yoki Danang shifoxonalarida virusning mutatsiyaga uchrashi.

28 iyuldan Danangning katta hududida qat'iy karantin rejimi joriy etiladi. Aholi uydan faqat oziq-ovqat va dori-darmon uchun, shuningdek, ishga yoki kasalxonaga borish uchun chiqishi mumkin. Odamlarga ko‘chada 2 yoki 3 kishidan ko‘p bo‘lib to‘planish taqiqlangan.

  • Vetnam Janubiy-Sharqiy Osiyodagi koronavirusni jilovlagan kam sonli davlatlardan edi. Mamlakatda shu vaqtgacha jami 431ta zararlanish holati qayd etilgan, 365 bemor tuzalgan, infeksiyadan o‘lim qayd etilmagan.
  • Jami holatlarning 276tasi xorijdan kelganlarda aniqlangan. Aholi orasida 99 kundan buyon yangi kasallanish holatlari aniqlanmayotgandi.
  • Bahorda Vetnam hukumati kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lganlarni tezkorlik bilan kuzatishni tashkil qilish orqali COVID-19’ning keng yoyilib ketishiga yo‘l qo‘ymagan. Shuningdek, mamlakatda shahar-u qishloqlarda qat'iy karantin tartibi joriy qilingan va chegaralar yopilgandi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid