O‘zbekiston | 08:19 / 28.07.2020
1743
3 daqiqa o‘qiladi

Energiyadan oqilona foydalanish sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qayta ko‘rib chiqildi 

«Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunga tuzatishlar kiritildi.

Qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida senatorlar tuzatishlar iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiya iste'molini optimallashtirishga qaratilganligini ta'kidladilar, bu aholining real daromadlari oshishiga olib keladi. 

Norma qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda nimalar nazarda tutilganini ma'lum qildi.
 
Birinchidan, energiya jihatidan samarador va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) normativ hujjatlarda ko‘rsatilgan energiya jihatidan samaradorlik ko‘rsatkichlariga muvofiqligi yuzasidan majburiy sertifikatlashdan o‘tkazilishi lozim.
 
Ikkinchidan, energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat siyosatining quyidagi asosiy yo‘nalishlari qayta ko‘rib chiqildi:

davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalarni amalga oshirish;

iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan energiyaning hosil qilinishini va sarflanishini barqarorlashtirish;

energiyaning hosil qilinishi va sarflanishi rejimlarini maqbullashtirish, uning hisobga olinishini tashkil etish;

energiya jihatidan samarador va energiyani tejaydigan asbob-uskunalar hamda energiya sarfi miqdori eng kam bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish;

energiya hosil qiluvchi va energiyani ishlatuvchi asbob-uskunalar hamda mahsulotga doir normativ hujjatlarga energiya jihatidan samaradorlik va energiya jihatidan tejamkorlik ko‘rsatkichlarini kiritish;

energiyaning sifati, ishlab chiqarishning energiya jihatidan samaradorligi va energiya tejamkorligi hamda mahsulotga energiya sarfi miqdori ustidan davlat tekshiruvi va nazoratini tashkil etish;

korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda energiya jihatidan samaradorlik va energiya tejamkorligi tekshiruvlarini tashkil etish;

mahsulotning, ishlab turgan va rekonstruksiya qilinayotgan obektlarning, texnologiyalar va asbob-uskunalarning energetika ekspertizasini o‘tkazish;

energetika jihatidan samarador bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun energiya jihatidan samaradorlik va energiya jihatidan tejamkorlik namoyish etiladigan zonalarni barpo etish;

energiya jihatidan samarador, energiya jihatidan tejamkor va ekologik xavfsiz texnologiyalarni hamda ishlab chiqarishlarni rivojlantirishni rag‘batlantirish;

energiyaning hosil qilinishi va sarflanishi yuzasidan statistika kuzatuvlarini tashkil etish.
 
Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasining sohadagi vakolatlariga tuzatishlar kiritildi, shuningdek quyidagilarning vakolatlari belgilandi:

energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida Energetika vazirligi;

davlat tekshiruvi va nazorati organlari;

joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari.
 
To‘rtinchidan, sohada amalga oshiriladigan dasturlar va loyihalar tasnifiga birmuncha o‘zgartirishlar kiritildi:

qamrovi bo‘yicha – davlat, tarmoq va hududiy (ilgari – milliy, tarmoq va hududiy);

muddatlari bo‘yicha – qisqa (1 yildan 2 yilgacha), o‘rta (2 yildan 5 yilgacha), uzoq (5 yil va undan ortiq) muddatli. Bunga qadar ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar 5 yil va undan ortiq davom etadigan muddatga ishlab chiqilar edi.
 
Qonun 15.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Тиллаев
Tayyorlagan Отабек Тиллаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid