Jamiyat | 11:45 / 30.07.2020
5745
3 daqiqa o‘qiladi

«Daraxtlarni sug‘orish haftaligi» aksiyasiga qo‘shiling!

Davlat ekologiya qo‘mitasi va Meros jamoat fondi «Daraxtlarni sug‘orish haftaligi» aksiyasini boshladi!

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Shavkatjon Abdurazzaqov boshchiligida 28 iyul kuni boshlangan ushbu aksiya daraxtlarni asrab qolish va ularni parvarishlashga qaratilgan sa'y-harakatlarni birlashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ma'lum ma'noda O‘zbekistonda birinchi marta tashkillashtirilgan tadbir hisoblanadi.

2etaXMwsnR_kfQov8W99Sm57kCVxhaJn.jpg (1280×960)

Meros fondi Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda joriy yil boshidan «Yashil Vatanim» loyihasi doirasida qator tadbirlarni o‘tkazgan edi. Xususan shu yilning o‘zida fond tomonidan 60 000 atrofida ko‘chatlarni o‘tkazish tashkillashtirildi.

Mazkur aksiyaning g‘oyasi va vazifalari haqida Meros xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi Abdurashid Iminov so‘zlab berdi: 

«Har yili turli davlat va nodavlat loyihalar doirasida mamlakatimiz hududi ko‘plab ko‘chatlar ekish orqali ko‘kalamzorlashtiriladi. Ammo sug‘oruv ishlarining yetarli emasligi va agrotexnik normalarga amal qilmaslik oqibatida ko‘p daraxtlar nobud bo‘ladi. 

«Daraxtlarni sug‘orish haftaligi» aksiyasi ko‘kalamzorlashtirish samaradorligini ta'minlash, o‘simliklarni parvarishlash masalasida O‘zbekiston aholisining bilimlarini oshirish va, albatta, mamlakatimizning tabiiy fondiga g‘amxo‘rlik qilish va uni ko‘paytirish ishiga o‘z hissamizni qo‘shishga qaratilgan».

Aksiyani o‘tkazish g‘oyasining tashabbuskorlaridan biri Davlat ekologiya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yunusov ta'kidlab o‘tganidek: «Shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish nafaqat ko‘chatlarni ekish, balki ular parvarishini ta'minlash va asrashdan iborat. Umid qilamizki, ushbu kichik qadam befarq bo‘lmagan har bir kishining masalaga bo‘lgan e'tiborini oshirib, daraxtlarni parvarishlash bo‘yicha tizimli yechimlar yaratilishiga turtki bo‘lib xizmat qiladi».

Eslatib o‘tamiz, aksiyada barcha ko‘ngillilar ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun o‘zingizga eng yaqin daraxtni sug‘orish kifoya.

Eng faol ishtirokchilar uchun esa sovrinli tanlov e'lon qilingan. Unda ishtirok etish uchun daraxtlarni sug‘orish jarayonini suratga olib, #parvarish2020 yoki #poliv2020 heshteglari bilan ijtimoiy tarmoqlarda chop etish kerak bo‘ladi. Uchta g‘olibimizga tashkilotchilar tomonidan sovrinlar tayyorlangan.

Aksiya yakuniga qadar O‘zbekistonni ko‘kalamzorlashtirish va uning tabiatini asrab qolishni istovchi befarq bo‘lmagan ko‘p sonli fuqarolar jalb etilishiga tashkilotchilar umid qilib qoladi.

Mavzuga oid