O‘zbekiston | 22:05 / 30.07.2020
15971
8 daqiqa o‘qiladi

Suyultirilgan gaz ta'minotini xususiy sektorga berish vaqti kelmadimi? Andijondagi gaz ballonini orziqib kutayotgan mahallalar haqida

Jamiyatdagi qaysidir muammoning yechimi bir necha o‘n yillardan beri topilmayotganiga hayron bo‘laveramiz. Ayniqsa, aholiga energiya resurslarini yetkazib berish muammosi. Qish yaqinlashgani sari o‘zbekning aksariyat xonadonlarida almisoqdan qolgan ming yillik tashvish yana boshlanadi. Uyni isitish uchun o‘tin-ko‘mir, elektr o‘chganda foydalanish uchun generator, fonar sotib olish tashvishlari.

Uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan yana bir muammo bor - bu aholiga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish masalasi.

Vodiy viloyatlaridagi tumanlarning aksariyat hududlarida tabiiy gaz ta'minoti yo‘qligi uchun ro‘zg‘orda maishiy gaz ballonlaridan foydalaniladi.

Ma'lumki, mamlakatda mazkur faoliyat bilan monopol tashkilot –“Hududgaz” korxonalari shug‘ullanadi. Monopollik ortidan kelayotgan muammolarga esa maqolamiz so‘ngida to‘xtalamiz.

Qishloq joylarda bu muammo ayniqsa yilning qahraton qish va yoz faslida dolzarb mavzuga aylanadi. Yoz - pishiqchilik oylarida suyultirilgan gazga bo‘lgan talabning ortib ketishini uy bekalarining yoppasiga meva-cheva va poliz mahsulotlaridan konserva qilishi bilan bog‘lasak xato bo‘lmaydi.

Murojaatlar ortidan...

Oxirgi ikki hafta davomida tahririyatimizga Andijon viloyatining turli hududlaridan murojaatlar kelib tushdi. Ularning ayrimlari bilan tanishamiz.

“Hurmatli, KUN.UZ jurnalistlari. Andijon tumanidagi Ayrilish mahallasida yashovchi aholi nomidan murojaat qilyapman. Mahallamizga mana ikki oydan beri gaz ballonlarini almashtirgani kelishmayapti. Nahotki shuncha vaqt oralig‘ida aholi qiynalayotganining hech kimga qizig‘i yo‘q?  Mahallamizdagi gaz ballonlar to‘planadigan joy to‘lib ketgan. Suratlarini jo‘natyapman. Fuqarolar xususiy “zapravka”lardan ikki-uch barobar qimmat narxda ballonlarini to‘ldirib kelishyapti”, deb yozadi Obidjon G‘oziyev.

“Mahallamizda aholining gaz ballonlari to‘planib, tumangaz xodimlari olib ketadigan joy bor. Bu yerda 100dan ziyod  ballonlar bir yarim oydan beri chang bosib turibdi. Tuman hududiy gaz ta'minoti xodimlarining aytishicha, gaz “tepadan” yo‘qmish. Qachon gaz kelishini aytishmayapti”, deydi Asaka tuman Qurama qishlog‘ida yashovchi fuqaro.

“Asaka shahar Kamolot ko‘chasida yashaymiz. Mana ikki oydirki, shahargaz tashkiloti ballonlarimizni to‘ldirib bermayapti. Mana shu muammo orqasidan tashkilotning boshlig‘i bilan uch-to‘rt marta tortishib ham qoldik. Gaz yo‘qligini aytishyapti. Bizning ko‘chamizda tabiiy gaz bo‘lmasa ham suyultirilgan gaz ta'minotiga o‘tmaganmiz. Gaz ballonlarni o‘z pulimizga 400 mingdan sotib oldik. Muammoyimizni hal qilishga yordam beringlar”, deb yozadi Dilnoza Mamasoliyeva.

“Izboskan tuman Markaz MFYda yashayman. Viloyatga suyultirilgan gaz taqsimlaydigan ombor yonimizda bo‘lsa ham 31 maydan beri gaz ballonlarimizni almashtirishgani yo‘q. Mana bugun 22 iyul. Aloqaga chiqsak, “gaz yo‘q”, deyishyapti”, deya murojaat yo‘llagan Xursandbek Turg‘unov.

“Andijon shahri, O‘zbekiston MFYga ham 3 oydan buyon suyultirilgan gaz ballon kelmayapti”, deb yozadi yana bir fuqaro.

Mutasaddi izohi

Gaz ballonlari bilan bog‘liq muammolarning sababini bilish maqsadida Andijon viloyat hududiy gaz korxonasi mutasaddisi Ilhomjon Mo‘ydinov bilan bog‘landik.

“Korxonamiz viloyatdagi iste'molchilarining suyultirilgan gazga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida bir oyda 5 ming tonna atrofida gaz mahsuloti olib kelib tarqatadi. Ayni paytda viloyat bo‘yicha jami iste'molchilar soni 423 700 atrofida. Asaka, Axtachi, Qo‘rg‘ontepa, Izboskan, Shahrixon tumanlarida gaz taqsimlash shoxobchalarimiz faoliyat yuritib kelmoqda. Viloyatning bir kunlik o‘rtacha iste'moli 205 tonna atrofida. Yildan yilga viloyatda suyultirilgan gaz iste'moli ko‘payib bormoqda.

Iyun oyining oxiri va iyul oyining boshlarida Muborak gazni qayta ishlash zavodi qishga tayyorgarlik ishlari tufayli ta'mirlashga to‘xtaganligi bois 15 kun davomida bizga suyultirilgan gaz kelmadi. Oylik 5 ming tonna o‘rniga 3 ming tonna gaz berishdi xolos. Hududda yuzaga kelgan muammolarning asl sababi shunda”.                                     

Xulosa o‘rnida...

Umuman olganda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasi kamchiliklarga to‘la va  islohotga, yangicha yondashuvga muhtoj.

Iste'molchi maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish uchun oylab kutishi kerak. Tabiiy gaz tarmog‘i bo‘lmagan aholi o‘sha kunlari xonadonida juda katta noqulayliklarga duchor bo‘ladi. Uyda ovqat pishirish, suv qaynatish singari kundalik yumushlar uchun o‘tin-ko‘mir yoki tappi yoqishga majbur.

Prezidentning 2019 yil 9 iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4388-sonli qarori bilan «Hududgazta'minot» AJga gaz taqsimlash tarmoqlarini va tegishli uskunalarni xavfsiz ekspluatatsiya qoidalarining normativ talablariga rioya qilgan holda ekspluatatsiya qilish, suyultirilgan gazni xarid qilish, yetkazib berish, saqlash hamda aholi va ijtimoiy soha obektlariga sotish funksiyalari yuklangan.

«Hududgazta'minot» AJ tizimidagi korxonalar esa iste'molchilarning maishiy gaz ballonlarini qoidaga ko‘ra har 40-45 kunda cheklangan miqdorda almashtirib beradi. To‘g‘ri, bu korxona yetkazib berayotgan mahsulot narxi birja narxiga nisbatan ancha arzon, ammo miqdori chegaralangan. Ya'ni fuqaro o‘zi hohlagan paytda va o‘zi istaganicha suyultirilgan gaz sotib ololmaydi. Shu sababli amaldagi bu tizim bilan mavsum davrida aholi extiyojlarini to‘la xajmda qoplab bo‘lmaydi.

Vaholanki, fuqarolar gaz ballonini pulga sotib oladi. U – iste'molchi! Nahotki, mahsulotni o‘z puliga sotib olayotgan iste'molchi gazni o‘zi istagan paytida sotib ololmasa? Mahsulotga talab bor va u sotilyapti. Demak, buni biznes deb atash mumkin. Biznesni esa davlat korxonasi emas, xususiy sektor egalari yuritsa barcha uchun ko‘proq manfaatli bo‘ladi. Chunki biznes bor joyda shaffoflik va raqobat paydo bo‘ladi, bozor uchun kurash barobarida xizmat ko‘rsatish va servis rivojlanadi.  

Xizmat yuzasidan vodiy viloyatlarini kezib, aholining maishiy ballonlarni almashtirishdagi qiyinchiliklarini ko‘p ko‘ramiz. Gaz ballonlarini almashtirish aksar hollarda ayollar va yosh bolalar zimmasida qolmoqda.   

Fikrimizcha, bu yo‘nalishdagi monopoliyani allaqachon qayta ko‘rib chiqib, sohani davlat sherikchiligi asosida xususiy sektorga berishni o‘ylab ko‘rish vaqti kelgan. Shartnoma asosida gaz yetkazib beruvchi korxona bilan ishlayotgan tadbirkor ishida uzilish bo‘lishiga va buning oqibatida o‘z xaridorini yo‘qotishga yo‘l qo‘ymaydi, bozor uchun kurashadi. Tabiiyki, taklif ko‘p bo‘lgan joyda narx ham o‘z o‘zidan pastlaydi.  Ana shunda hammasi iziga tushadi va aholi chekayotgan azoblarga barham beriladi.  

Hozircha esa bor umidimiz “Hududgaz” idoralaridan...

Elmurod Ermatov, KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid