Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Uzbekistan Research Online» platformasida chiqqan ingliz tilidagi maqolalar xorijiy ilmiy nashrlardagi maqolalarga tenglashtiriladi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining «Uzbekistan Research Online» platformasida chop etilgan ingliz tilidagi maqolalar xorijiy ilmiy nashrlarda e'lon qilingan maqolalarga tenglashtiriladi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati vakili Bahriddin Shayvaliyev Kun.uz’ga ma'lum qildi.
Unga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Niderlandiyaning «Elsevier» kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha 2018 yildan buyon «Ilm-fan – 2020» dasturi amalga oshirib kelinmoqda.
Shu loyiha doirasida ishlab chiqilgan «Uzbekistan Research Online» raqamli platformasidagi jurnallarda ingliz tilida e'lon qilingan maqolalar endilikda xorijiy ilmiy nashrlarda chop etilgan ilmiy maqolalarga tenglashtirilmoqda.
«Bu bo‘yicha esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2020 yil 30 iyuldagi qarori qabul qilindi.
Endilikda «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxatida»gi fan tarmoqlari bo‘yicha Digital Commons platformasi negizidagi «Uzbekistan Research Online» raqamli platformasiga kiritilgan respublika oliy ta'lim muassasalarining 41 ta jurnalida yetakchi xorijiy olim-mutaxassislar taqrizidan o‘tkazilgan holda ingliz tilida chop etilgan maqolalar, dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan xorijiy ilmiy nashrlarda e'lon qilingan ilmiy maqolalarga tenglashtiriladi», – deya Shayvaliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ta'kidlanishicha, bu o‘zgarish endilikda yosh olim va tadqiqotchilarga o‘z ilmiy ishlari natijalarini e'lon qilishda to‘qnash keladigan qiyinchiliklarni bartaraf etishda katta yordam bo‘ladi.
Shuningdek, OTMlar ilmiy salohiyatini oshirish, O‘zbekistondagi ilm-fan yutuqlarini jahon ilmiy hamjamiyatiga taqdim etish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, «Uzbekistan Research Online» platformasida O‘zbekistondagi OTMlarining 41 ta ilmiy jurnali birlashtirgan bo‘lib, unda ikki marta anonim retsenziyadan o‘tkazish (double-blind peer review) konfiguratsiyasini qo‘llash imkoni mavjud va xalqaro standartlarga javob beradi.
Mavzuga oid
18:34 / 17.04.2026
Navoiyda 8 yoshli o‘quvchi B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi
07:37 / 18.03.2026
URL tili: internetning yashirin lingvistik xaritasi
10:34 / 13.12.2025
O‘zbekistonda IELTS'dan yuqori ball olganlar soni sezilarli ortdi
20:14 / 17.10.2025