Navbatdagi mehmonimiz – oliy toifali vrach kardiolog, nutritsiolog, tibbiyot fanlari nomzodi Gulbahor Eshonxo‘jayeva.

– Gulbahor Rahmatullayevna, afsuski muhim soha bo‘lsa-da, nutritsiologiya fani nimaligini ko‘pchilik bilmaydi. Avvalo shu haqda ozgina tushuntirish berib ketsangiz.

– Ko‘p yillar kardiologiya-reabilitatsiya sohasida ishlagan bo‘lsam-da, yurak-qon tomir kasalliklarini, qandli diabet rivojlanishining asosiy sababchisi bo‘lgan, XXI asrning infeksion bo‘lmagan pandemiyasi – ortiqcha vazn, semizlik muammolarini davolashda ovqatlanish muhim ekani sababli, nutritsologiyani chuqurroq o‘rganishga to‘g‘ri keldi.

Nutritsiologiya (yunoncha «ozuqa ilmi») – bu ovqatlanishning turli jihatlari haqidagi fan bo‘lib, insonni ovqat tanlash sabablarini o‘rganishdan tortib, ovqatning tarkibi, ovqatlanish jarayoni, hujayra ichidagi oziqlanish mexanizmlari, har xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining o‘zaro va organizm salomatligiga ta'sirini o‘rganadi.

Ratsional ovqatlanish – davolashning mustaqil omili bo‘lib, davolanish natijalarini, qisqa va uzoq muddatli prognozni yaxshilaydi va asoratlarni kamaytiradi.

COVID-19'ga chalingan xastalarning ovqatlanishi bo‘yicha tuzilgan xalqaro amaliy qo‘llanmada ham yetarli miqdorda oqsil qabul qilishga katta ahamiyat beriladi. Kuniga kamida 70-120 g oqsil iste'mol qilish kerakligi ta'kidlanadi.

Sut, qatiq, tvorog, pishloq, o‘simliklardan qo‘ziqorin, no‘xat, loviya, mosh, bodom kabi mahsulotlarni ko‘proq iste'mol qilish kerak. Ayniqsa, tuxum va go‘sht, tuyoq, parranda, baliq mahsulotlarida tana uchun kerakli bo‘lgan barcha aminokislotalar mavjud va ular to‘liq o‘zlashtiriladi.

Shirinlik va pishiriqlarni, xamirli, uglevodga boy taomlarni kamroq iste'mol qilish ma'qul ko‘riladi.

Koronavirus infeksiyasida pnevmoniya rivojlanishi natijasida diafragmaning pastga tushishi qorinning shishishiga olib keladi, shuning uchun bemorlarga oz miqdorda, lekin tez-tez ovqatlanish tavsiya etiladi.

Kasallikdan tiklanishda, ko‘p hollarda, ovqat ta'mini bilmaslik, ishtaha yo‘qligi kuzatiladi. Shunday paytda xalq tabobatida qo‘llanilgan bodom atalasi tiklanishga juda yaxshi yordam beradi. Yengil oqsil manbayi bo‘lgan shifobaxsh va yengil hazm bo‘ladigan bu taomni ertalabki nonushtaga tavsiya etaman.