O‘zbekiston | 14:33 / 01.08.2020
8263
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida sektor rahbarlari tomonidan koronavirusga qarshi kurash jarayonidagi kamchiliklar aniqlandi – viloyat hokimligi

Toshkent viloyati hududida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish jarayonida bir qator kamchiliklar aniqlangan. Viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda koronavirusga chalingan bemorlar uchun tayyorlangan joylar kerakli anjomlar bilan ta'minlanmagani, kislorod balonlari yaroqsiz holga kelib qolgani, tibbiyot xodimlari maxsus himoya vositalarisiz faoliyat yuritayotgani va boshqa qator kachiliklar aniqlangan.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat hokimi Rustam Xolmatov rahbarligidagi 1-sektorga qarashli Bekobod tumani tibbiyot birlashmasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar uchun 44 ta joy tashkil etilgan, biroq 36 ta joy kerakli anjomlar bilan ta'minlanmagan. Tibbiyot muassasasidagi kislorod balonlari yaroqsiz holga kelib qolgani aniqlangan. Tibbiyot xodimlari bemorlar bilan tibbiyot niqobisiz muloqotda bo‘layotgani, karantin qoidalariga rioya etmagan holda ish yuritayotgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning 20 iyul kuni Milliy gvardiya qo‘mondonining Piskent tumanini o‘rganishi jarayonida mas'ul rahbarlarga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun qo‘shimcha 300 o‘rinli zaxira shifo-o‘rinlari yaratish bo‘yicha topshiriq berilganiga qaramasdan 50 ta o‘rin tayyorlangan.

Viloyat prokurori Salom Samadov boshchilik qilayotgan 2-sektor tasarrufidagi O‘rtaChirchiq tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli bolalar shifoxonasida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun ajratilgan xonalar issiqligi, hojatxonalar antisanitar holatda ekani aniqlangan. Nazorat tadbiri davomida shifoxonadagi shifokor, hamshira va boshqa xizmatchilar maxsus himoya vositalari (kombinezon, tibbiyot qo‘lqoplari va niqoblari, maxsus oyoq kiyim, ko‘z oynak)siz faoliyat yuritayotgani hamda bemorlar uchun zarur bo‘lgan 9 turdagi dori vositalari bilan ta'minlanmaganligi aniqlandi.

Shu bilan birga, tekshiruvlar paytida YuqoriChirchiq tumani tibbiyot birlashmasiga kirish-chiqish joyida maxsus dezinfeksiya tuneli o‘rnatilmagani, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tez-tibbiy yordam bo‘limi xodimlari maxsus himoya vositalari bilan ta'minlanmaganligi aniqlangan.

Viloyat IIBB boshlig‘i Tohir Aripovga biriktirilgan 3-sektorda joylashgan Yangiyo‘l shahar tibbiyot shifoxonasida karantinga olingan bemorlarni davolayotgan shifokor va hamshiralar har kuni ishdan chiqib o‘z uylariga borib-kelayotgani, Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasining asosiy kirish-chiqish joyida dezinfeksiya tunel o‘rnatilmaganligi aniqlangan.

Shuningdek, Chinoz tumani tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Markaziy shifoxonada MSKT va PZR apparatlari mavjud emasligi ma'lum bo‘lgan. Tez-tibbiy yordam bo‘limiga qo‘shimcha 3 dona yangi «Damas» ajratilgan bo‘lsa-da, hozirga qadar haydovchi shtati ajratilmagani sababli 2 ta «Damas» tez-tibbiy yordam xizmati faoliyatida foydalanilmayotgani aniqlangan.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Raimovga biriktirilgan Qibray tumani Yonariq qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi 23 yashar fuqaroda 29 iyul kuni koronavirus infeksiyasi alomatlarsiz kechayotgani aniqlagan bo‘lsa-da, shu kunga qadar tibbiyot xodimlari bemordan va u bilan muloqotda bo‘lgan oila a'zolaridan xabar olmagani, uy karantinida nimalarga rioya qilishi va qanday dorilar iste'mol qilinishi yuzasidan umuman xabar olmagan.

DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘iga biriktirilgan Toshkent tumanidagi eski tuman markaziy shifoxonasining birinchi qavatida 150 ta provizor shifo-o‘rinlari tashkil etilgan bo‘lsa-da, kislorod konsentratori bilan ta'minlanmagani, shuningdek, Navoiy bojxona postida Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga kirib kelayotganlar ko‘pligi sababli fuqarolarning salomatligini tekshirish uchun qo‘shimcha PZR apparati ajratilishiga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan.

Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi boshlig‘iga biriktirilgan Angren shahar tibbiyot birlashmasiga joriy yilning 26 iyul kuni 890 ta maxsus himoya vositasi olib kelingan bo‘lsa-da, xodimlar tibbiyot qo‘lqoplari, tibbiy niqoblar, maxsus oyoq kiyim va ko‘zoynak bilan ta'minlanmagan.

Bundan tashqari, shahar tibbiyot birlashmasida bemorlar uchun tashkil etilgan 40 ta zaxira o‘rin ajratilgan, lekin ushbu joylar konditsioner hamda suv isitish moslamalari (ariston) bilan jihozlanmagan aniqlangan.

Viloyat axborot xizmatining Kun.uz’ga bildirishicha, mutasaddilarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun kechgacha muhlat berilgan. Ishlarning borishi sektor rahbarlari tomonidan nazoratga olingan.

Mavzuga oid