Jahon | 11:28 / 02.08.2020
7834
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiyada cho‘kkan kemalarning dunyodagi birinchi suv osti muzeyi ochildi 

Foto: Y Issaris / AFP

Gretsiyaning Alonisos oroli yaqinida cho‘kkan kemalarning dunyodagi birinchi suv osti muzeyi ochildi. Muzey “Cho‘kkan kemalar Parfenoni” deb atalgan. Unda suv ostiga g‘arq bo‘lgan qadimiy kemadan olingan amforalar (qadimiy grek ko‘zalari) 20 metrdan ko‘proq chuqurlikda taqdim qilingan.

Muzey 3 avgustdan 2 oktyabrgacha havaskor drayverlar uchun ochiq bo‘ladi. Suvga sho‘ng‘ishni bilmaydiganlar esa Alonisosning axborot markazidagi virtual ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirishlari mumkin bo‘ladi. Cho‘kkan kema Xalkidikidan (Gretsiya shimolidagi yarimorol) Skopelos oroliga minglab amforalar olib ketayotgan bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, kema miloddan avvalgi 425 yilda dengizdagi dovul vaqtida suv tubiga g‘arq bo‘lgan. Uni grek baliqchilari 1985 yilda aniqlashgan.

Mutaxassislarning fikricha, kema o‘z vaqti uchun ancha katta kemalardan biri bo‘lgan. Kema cho‘kkan vaqtda deyarli barcha ko‘zalarga zarar yetgan, biroq ular mutaxassislar tomonidan tiklangan. 

Gretsiya hukumati shunday suv osti muzeylaridan yana 4 tasini ochishni rejalashtirmoqda. Muzeylar ko‘proq xorijliklarni jalb qilishda va mamlakatning pandemiya vaqtida anchagina zarar ko‘rgan sayyohlik tarmog‘i budjetini to‘ldirishda yordam berishiga umid qilinmoqda.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid