Jamiyat | 11:49 / 02.08.2020
31211
5 daqiqa o‘qiladi

Karantindagi ko‘mak tufayli tug‘ilayotgan savollar: bularga yo‘l qo‘ymaslik mumkinmidi?

Nihoyat O‘zbekistonda ham pandemiya davrida muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p davlatlar qo‘llagan usul - aholiga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul tarqatishdan foydalanildi. Ammo ezgu maqsadlarga yo‘g‘rilgan bu tashabbus ayrim savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ldi.

Prezident farmoniga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarga Qurbon hayiti munosabati bilan 200 mlrd so‘m, karantin davrida daromadsiz qolgan aholini qo‘llab-quvvatlash uchun esa 380 mlrd so‘m tarqatilishi rejalashtirilgandi. Har ikki turdagi moddiy yordam naqd pul shaklida berilishi ko‘zda tutilgan.

Albatta, bu oz pul emas. Ayniqsa, iqtisodiy murakkab vaziyatda qolgan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash nihoyatda kutilgan va o‘rinli ish edi.

Ammo... ijtimoiy tarmoqlarda oz pul berib ko‘piga imzo qo‘ydirish, konvertda yozilganidan kam mablag‘ chiqqani yoki mahalla raislarining hudud aholisi bilan ayovsiz tortishayotganiga oid lavhalar paydo bo‘ldi.

Xo‘sh, nega shunday? Nima uchun yaxshi niyatda boshlaymiz-u, zarur chora ijrosida nuqson-u kamchiliklar ko‘rinib qoladi? Nega muhim masala yechimida yangicha, zamonaviy yondashishga harakat qilinmaydi?

Bu borada ayrim mulohazalar bor:

1. Avvalo, boshidanoq bu pullarga haqdorlarning aniq mezonlari e'lon qilinmadi yoki e'lon qilingan mezonlar shu qadar mavhum va keng qamrovli ediki, juda ko‘pchilik u pullarga da'vo qilsa bo‘lardi. Umuman, shuncha vaqt o‘tmoqdaki, hali ham kambag‘al tushunchani aniq belgilab ololmadik. Hamma o‘zicha talqin qilaveradi.

2. Pullar oilalarga turlicha bo‘lib berilishi o‘ziga yarasha tengsizlikni keltirib chiqardi. Boshda e'lon qilinganda, oiladagi bir kishiga 220 ming so‘mdan tarqatilishi bildirilgandi. Ammo negadir televideniye orqali hammaga 1 mln so‘mdan berilayotgani namoyish etila boshlandi. Tabiiyki, nega 880 ming yoki 1,1 mln so‘m emas, aynan 1 mln so‘m deb e'lon qilinishi savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Qolaversa, qaysidir hududda kimgadir 1 mln berilgani yashin tezligida respublikaning u burchagidan muhtojga yetib boradi va u ham albatta shuncha kutadi. Endi hatto 900 ming so‘m berilsa ham uning ko‘ngli to‘lmaydi va bunga haqqi bor – u ham shu davlatning fuqarosi, muhtoj.

3. Pullarning naqd pul shaklda berilgani xatolarning ulkani bo‘ldi. Inson tabiati ko‘rib turganiga ko‘z olaytirishi azaldan ma'lum. Nafaqat ko‘rib, balki qo‘lidan o‘tkazib berayotganida bir luqma yulib olishning ming bir usulini o‘ylab topaveradi. Mahallani umuman aralashtirmay, har bir tuman o‘zidagi muhtojlar ro‘yxati bo‘yicha har bir oilaning plastik kartasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul tashlab berishiga nima to‘sqinlik qilgani endi jumboq bo‘lib qolaveradi.

Agar mahalla instituti orqali tarqatish shu qadar muhim ekan, har bir mahalla eshigiga kimga qancha miqdorda berilishi osib qo‘yilib, o‘sha pullar plastik kartalarga tashlab berilganida bu qadar shubhalarga o‘rin qolmasdi.

4. Shu paytgacha ham «bola puli», «yordam puli» kabilarni belgilashda obro‘si xo‘b to‘kilgan mahalla instituti bu safar haqiqiy sinovga duch keldi va kutilganidek darhol pand berdi.

Bir tarafdan tushunish mumkin: muhtojlarni hech kim ularchalik yaxshi bilmas. Lekin aynan mahalla norozilarning birinchi nishoniga aylandi. Chunki aholi ularning qo‘lidan pul olgan ekan, e'tirozini ham tabiiyki shularga bildiradi. Albatta, bunday haqsizliklarda, ya'ni muhtojga atalganidan yulib olishda faqat mahallani ayblash borib turgan soddalik bo‘lardi. Tub ildizni quloqning boshrog‘idan izlayverish kerak.

5. Beshdan bir holatda, ya'ni bunday tartibsizlikning bir qismida aholining ayrim toifalarining ham hissasi bor. Doimiy boqimandalar (ya'ni, biror ishning boshini tutmaganlar, pandemiyaga qadar ham soppa-sog‘ bo‘laturibam moddiy yordam tama qilaveradiganlar), mahalla bilan kelishib, vaqtincha muhtoj rolini o‘ynab, tushumni arra qilganlar ham bo‘ldi, afsuski. Ayniqsa, to‘planib olib baqir-chaqir qilganlar, biror tomonlama muhtoj ko‘rinmaydiganlarning harakatlari juda xunuk ko‘rindi.

Albatta, ajratilgan mablag‘ning mutlaq katta qismi o‘z egalariga yetib bordi va bu juda yaxshi bo‘ldi. Ammo ozchilikka qilingan nohaqlik ko‘pchilikning xursandchiligini yuvib ketmoqda. Pandemiya hali davom etadi va katta ehtimol bilan bunday choralarga yana qaytiladi.

Shu bois, endi bunday xatolarni qaytarmaslik uchun har bir harakat o‘rganib chiqilishi, ehtimoliy oqibatlar, tavakkalchilik keltirib chiqaradigan vaziyatlar albatta tahlil qilinishi kerak.

Muhimi, ezgu maqsadlar yaxshiliklarga xizmat qilsin.

Abror Zohidov. 

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamaydi

Mavzuga oid