O‘zbekiston | 08:58 / 09.04.2026
2324
3 daqiqa o‘qiladi

Mahallalarda xavfsizlikni ta’minlashda yangi model joriy etiladi

O‘zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish doirasida mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi bilan manzilli ishlashga qaratilgan yangi model joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur yo‘nalishda ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Ta’kidlanganidek, bugungi tahlikali zamonda jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi tizimida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etilgan bo‘lib, u huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlarini birlashtirgan. Mazkur tuzilma hozirda vazirlik shaxsiy tarkibining qariyb 30 foizini tashkil etadi.

Taqdimotda tizimni samarali boshqarish uchun zamonaviy yondashuvlar, jumladan raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish va faoliyat samaradorligini “jazolovchi tizimdan – aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizimga” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.

Mahallalarda profilaktika ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab qariyb 9 ming mahallada 10 mingdan ziyod profilaktika inspektori faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning faoliyatida ortiqcha boshqaruv bo‘g‘inlari mavjudligi mahalla xavfsizligiga yetarli e’tibor qaratishga to‘sqinlik qilayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etib, ularni bevosita mahallada xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi muammolari bilan ishlashga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.

Yangi model doirasida “Mening inspektorim” elektron tizimini joriy etish, kunlik onlayn yo‘riqnomalar o‘tkazish, sud-tibbiy muassasalar bilan elektron ma’lumot almashish, inspektorlarni ishdan ajratmagan holda onlayn o‘qitish va malakasini oshirish, shuningdek mahallalarda “jamoat yordamchisi” guruhlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini profilaktika inspektorlariga berish hamda kam ahamiyatli holatlarda ma’muriy ogohlantirish tizimini joriy etish taklif etildi.

Shuningdek, profilaktika inspektorlari, maktablardagi inspektor-psixologlar va mahallalardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarni yagona axborot tizimi orqali bog‘lash orqali yoshlar, ayollar va oilaviy muammolarning barvaqt oldini olishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, jamoat xavfsizligini ta’minlash, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi murojaatlariga tezkor javob berish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid