Jahon | 21:38 / 04.08.2020
73469
3 daqiqa o‘qiladi

Bayrutda vayronkor portlash ro‘y berdi

Bayrutda Daily Star gazetasi binosi yaqinida, mamlakatning sobiq bosh vaziri Rafiq Haririning o‘ldirilishi bo‘yicha sud jarayoni arafasida portlash sodir bo‘ldi.

Foto: AFP news agency

Livan poytaxtidagi ushbu hodisa tasvirlarida ketma-ket ikki portlashdan keyin qo‘ziqorin shaklidagi bulut hosil bo‘lgani va portlash atrofdagi binolarga jiddiy zarar yetkazganini ko‘rish mumkin. Portlash shaharning port qismida ro‘y bergan. Ba'zi videolarda portlash suvni ham to‘lqinlantirib yuborganini ko‘rish mumkin.

Bloomberg'ning yozishicha, portlash hududida joylashgan uylar ichida Livan sobiq bosh vaziri Saad Haririyning uyi ham bo‘lgan. Uning o‘zi jabrlanmagani aytilmoqda.

Ayrim foydalanuvchilarning yozishicha, portlash portlovchi moddalar saqlanadigan omborda sodir bo‘lgan. 

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Hamad Hasan («Hizbulloh» tarafdori) kamida yuz kishi portlashdan jabrlangani haqida gapirgan. 

Mahalliy nashrlar xarobalar ostida odamlar qolib ketgani, kamida 10 kishi halok bo‘lgani haqida yozmoqda.

Hukumat shahardagi barcha shifoxonalarga portlashdan jarohatlanganlarni muassasa hisobidan qabul qilishga ko‘rsatma bergan. Portlash kuchi shaharning turli chekkalaridagi derazalarni sindirib yuborishi oqibatida ko‘plab odamlar shishadan jarohatlar bilan murojaat qilmoqda. «Al-Hadat» telekanali ma'lumotiga ko‘ra, portlashdan keyin mamlakat armiyasi safarbar qilingan, harbiylar favqulodda xizmatlarga yordam ko‘rsatadi.

Issam Abdallah/Reuters

Juma kuni BMT tribunali Rafiq Haririyning o‘limida ayblangan 4 kishiga sirtdan hukm e'lon qilishi kutilayotgandi. Haririy 2005 yilda avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilmalar harakatga keltirilishi oqibatida halok bo‘lgandi.

Bu portlashni «Hizbulloh» sodir etgani gumon qilinmoqda, tashkilot bu ayblovni qat'iy rad etmoqda.


 

Mavzuga oid