Jahon | 01:06 / 06.08.2020
37282
2 daqiqa o‘qiladi

Bayrutdagi portlash oqibatlari fazodan ko‘rsatildi 

Rossiyaning “Roskosmos” korporatsiyasi Twitter’da Bayrut portida yuz bergan vayronkor portlash oqibatlarining sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratini e'lon qildi. 

Foto: Hussein Malla / AP

“Surat Rossiyaning Yerni zondlash sun'iy yo‘ldoshi “Kanopus-V”dan olingan”, deyilgan xabarda.

“Roskosmos” o‘zaro taqqoslash uchun Bayrutning portlashgacha va portlashdan keyingi suratlaridan iborat kollajni taqdim qilgan. Kollajning yuqorisida Bayrutning 2019 yil noyabrda, pastida esa portlashdan keyingi surati ko‘rsatilgan.  

2-suratda portlash markazi yaqinidagi hududda joylashgan binolar to‘liq vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Livan poytaxtida 4 avgustda yuz bergan kuchli portlash bir necha kilometr atrofdagi ko‘plab binolarga zarar yetkazgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 135 nafarga yetgan, 5 mingga yaqin odam jarohat olgan. Shuningdek, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Fojia qurbonlari orasida 10 nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor. 300 mingga yaqin odam boshpanasiz qolgan.

Livan hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, portlashga portdagi omborda saqlangan 2750 tonna ammiak selitrasi sabab bo‘lgan. Ushbu modda mamlakat bojxonasi tomonidan rossiyalik Igor Grechushkinga tegishli Rhosus kemasidan musodara qilinib, 6 yil davomida omborda saqlanib kelgan. 

Shahar portlashdan keyin falokat hududi deb e'lon qilinib, unda ikki haftaga favqulodda holat rejimi kiritilgan.

Mavzuga oid