O‘zbekiston | 08:40 / 07.08.2020
3227
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyadagi Hyundai zavodiga ishga yuborishni va'da qilib, 21 mln so‘m olgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Farg‘ona shahrida yashovchi S.T. Janubiy Koreya davlatiga borib ishlashni ko‘pdan beri orzu qilib yurardi, deb yozadi Postda

2019 yilning may oyida shahar markazida joylashgan kafelarning birida tanishi T.A.ni uchratib qolishi unga bu orzusi amalga oshadigandek umid berdi. Unga o‘z maqsadini aytganda, T.A. o‘z yordamini taklif qilgan. Bu ish qo‘lidan kelishini aytib, tanishlari orqali uni Janubiy Koreya davlatidagi Hyundai avtomobil zavodiga ishga yuborishga va'da bergan. Albatta tekinga emas. Oldindan S.T.dan 21 million 200 ming so‘m pul olgan.

S.T. “ana ketaman-mana ketaman” bilan kutib yuravergan. Oradan kunlar, oylar o‘ta boshladi. Lekin Koreyaga borib ishlash orzuligicha qolib ketdi. T.A. bir yildan ziyod vaqt o‘tsa hamki va'dasini bajarmagach, jabrlanuvchi ichki ishlar organiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Odamlarni laqillatgan T.A. endi qilmishi uchun qonun oldida javob berishi tayin, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid