Jamiyat | 21:56 / 07.08.2020
4181
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya davrida aholi bandligi ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot berildi

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov pandemiya davrida aholini ish bilan ta'minlash borasida ko‘rilgan tezkor amaliy choralar haqida axborot berdi.

«2020 yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, 617 ming nafar fuqaroning bandligi ta'minlandi. Shundan 506 ming nafari aynan pandemiya davriga to‘g‘ri keldi.

Tashqi migratsiyadan qaytgan va xorijga ishga keta olmagan fuqarolarga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilindi. Jumladan, fuqarolarga eng kam ish haqining 3 baravaridan 30 baravarigacha miqdordagi mablag‘ shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish uchun berildi. Hozirgacha 25 ming oila ish bilan ta'minlanib, buning uchun 54 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi», dedi vazir Senatning 6-yalpi majlisida.

Qayd etilishicha, Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish borasidagi tajribasi o‘rganilib, aholi eng kam ish haqining 10 baravarigacha bo‘lgan mablag‘ asosida iqtisodiy qo‘llab-quvvatlandi. Natijada 3 oy ichida 318ta kooperativ tashkil qilinib, 16 ming kishi mehnatga jalb qilindi. Buning uchun jami 26 mlrd so‘m pul sarflangan.

«Yil yakunigacha yana 327ta kooperativ tashkil qilish va ularga 17 ming nafar aholini jalb qilish rejalashtirilgan. Bunday kooperativlarning17tasi hunarmandchilikka asoslanib, xotin-qizlarni birlashtiradi.

O‘z-o‘zini band qilish yo‘nalishlari 24tadan 67taga ko‘paytirildi. Shuningdek uning to‘lovi 1 million 50 ming so‘mdan 115 ming so‘mga tushirildi. Hozirda respublikada 201 ming nafar fuqaro o‘z-o‘zini band qilgan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 50 ming nafarga yetishi kutilmoqda», deyiladi vazir hisobotida.

Mavzuga oid