O‘zbekiston | 20:52 / 07.08.2020
8945
5 daqiqa o‘qiladi

«Vazirlik barcha davolash protokollari va standartlarini Milliy palata bilan kelishishi shart emas» - SSV

Sog‘liqni saqlash vazirligi Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasining «Cog‘liqni saqlash masalalariga oid ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Milliy palatada ekspertizadan o‘tkazilishi shart bo‘lsa-da, vazirlik tomonidan joriy yil 31 iyul kuni tasdiqlangan «Covid-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalar»ning oltinchi nashri palataga belgilangan tartibda ekspertiza uchun taqdim etilmagani» haqidagi e'tiroziga javob qaytardi.

«Haqiqatan ham prezidentning 2018 yil avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  qarorida sog‘liqni saqlash masalalariga oid ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari Milliy palatada ekspertizadan o‘tkazilishi shartligi belgilangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu tartibga og‘ishmay amal qilgan holda, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Milliy palataga ekspertiza uchun belgilangan tartibda yuborib kelgan.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan «Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalar»ning oltinchi nashri esa, amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat hisoblanmaydi va shuning uchun ham ekspertiza uchun Milliy palataga jo‘natilmagan.

Milliy palata mas'ul xodimlarining normativ-huquqiy hujjat bilan idoraviy hujjatning farqiga bormagani oqibatida esa internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda bugungi kunda kechayu-kunduz koronavirus balosiga qarshi kurash bilan band bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi haqida o‘rinsiz va asossiz xabarlar tarqalmoqda. 

O‘z o‘rnida Milliy palata rahbariyatining e'tiborini ikkita muhim masalaga qaratishni istardik.  

Birinchidan, prezidentimizning yuqoridagi qarori 2-bandida milliy palata zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar ishlab chiqishni tashkil etishi kerakligi belgilangan. Bu Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha davolash protokollari va standartlarini albatta Milliy palata bilan kelishishi shart degan ma'noni anglatmaydi. Aksincha, Milliy palata O‘zbekiston xalqi uchun lozim deb hisoblagan har qanday zamonaviy va innovatsion protokol va standartlar ishlab chiqilishini (tegishli mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb etgan holda) tashkil etishi va uni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlashiga erishishi shart. 

Ikkinchidan, Milliy palata ilg‘or xalqaro standartlar va jahondagi eng yaxshi amaliyotni hisobga olgan holda sog‘liqni saqlash tizimini boshqarishning innovatsion modelini joriy etish maqsadida tashkil etilgan. Palatani tashkil etishda u Sog‘liqni saqlash vazirligiga muxolif pozitsiyada turib ish olib borishi kerakligi maqsad qilib qo‘yilmagan.
   
Tan olmaslikning umuman iloji bo‘lmagan bitta aniq holat bor. Milliy palata oldiga qo‘yilgan vazifalarni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymasdan uddalashi umuman mumkin emas. 

Lekin Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi tashkil etilganidan buyon o‘tgan ikki yildan ortiq vaqt mobaynida uning faoliyatida bunday hamkorlikka intilish umuman sezilgani yo‘q.

«Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalar»ning oltinchi versiyasi dunyo tajribasi va mahalliy mutaxassislarning koronavirusga qarshi kurash borasida to‘plagan xulosa va amaliy tajribalari asosida shakllantirilgan. Uni tayyorlashda yurtimiz tibbiyotida amaliy tajribaga ega bo‘lgan eng yetuk va nufuzli olim va shifokorlar, jumladan, pulmonolog, infeksionist, anesteziolog-reanimatolog, kardiolog, endokrinolog kabi qator mutaxassislar qatnashishgan», degan Sog‘liqni saqlash vazirligi Yuridik bo‘lim boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev.

Bundan avvalroq Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi «Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtincha tavsiyalar» palata ekspertizasiga taqdim qilinmagani haqida ma'lum qilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid