Jahon | 17:02 / 09.08.2020
8474
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusda prezidentlikka saylov kunida internet bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda

Foto: EPA/Vostock-photo

9 avgust – Belarus prezidentligiga saylovlarning asosiy kunida mamlakat aholisi internetga kirish bilan bog‘liq muammoga uchramoqda, deb xabar bermoqda «Interfaks».

Xabar qilinishicha, yakshanba kuni tongdan boshlab internet foydalanuvchilari bir qator resurslar, xususan Telegram uzilishlar bilan ishlayotgani, YouTube`ga kirish qiyinlashganini yozishmoqda.

Bundan tashqari, bir qator saytlar, xususan saylovni mustaqil kuzatib borish maqsadida faollar tomonidan tashkil etilgan Zubr.in saytiga kirishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan.

Belarusliklar orasidagi eng ommabop VPN-servislar ham uzilishlar bilan ishlayapti. Internet foydalanuvchilariga ko‘ra, ham statsionar kompyuterlardan, ham telefon orqali internetga ulanishda muammolar bor.

Ayrim savdo nuqtalarida texnik nosozlik tufayli terminallar ishlamayotgani haqida e'lonlar ilingan.

Mamlakatdagi eng yirik internet-operator – «Beltelkom» izohida «tashqi kanallar bilan muammo tug‘ilayotgani, yuklama katta ekani» aytilgan. Kompaniya masala qancha muddatda yechim topishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan va keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Ayni paytgacha Belarusda saylovchilar davomati 50 foizdan oshgan va Markaziy saylov komissiyasi saylovlar bo‘lib o‘tgan deb hisoblanishini e'lon qilgan.

Mavzuga oid