Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida va xorijda hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Nizom xorijdagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan xorijda va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasida hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish tartibini belgilaydi.
Hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish hujjatlardagi hamda dalolatnomalardagi imzolarning haqiqiyligini, hujjatni yoki dalolatnomani imzolagan shaxsning vakolatlarini, legallashtirishga taqdim etilgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini hamda bu hujjatlar va dalolatnomalarning xorijiy davlat yoki O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiqligini aniqlash va shahodatlashdan iboratdir. Konsullik tomonidan hujjatlar va dalolatnomalarning legallashtirilishi ularning xalqaro munosabatlardagi qonuniyligini tasdiqlaydi.
Konsullik legallashtirish hujjat yoki dalolatnomada bayon etilgan faktlarni emas, balki faqat ularni imzolagan shaxsning vakolatlarini, legallashtirishga taqdim etilgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini aniqlash va shahodatlashdan iboratdir.
Konsullik legallashtirish funksiyasini:
a) xorijiy davlatlarda — O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari;
b) O‘zbekiston Respublikasida — O‘zbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamenti bajaradi.
Xorijiy davlatlarda hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish funksiyalari konsullik mansabdor shaxsiga yuklatiladi.
Agar biror-bir sababga ko‘ra konsul o‘z funksiyalarini bajara olmasa yoki konsul lavozimi vaqtinchalik bo‘sh bo‘lsa, konsulning vazifalari xorijiy davlat hududida joylashgan mazkur yoki boshqa konsullik muassasasining boshqa mansabdor shaxsiga yoki ushbu davlat hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasining diplomatik xodimlaridan biriga topshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish funksiyalari O‘zbekiston Respublikasi TIV Konsullik-huquqiy departamentining xodimlaridan biriga yuklatiladi.














