Jahon | 07:34 / 14.07.2025
3396
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Polshaning Kaliningraddagi konsulligini yopishga qaror qildi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Polsha konsulligining yopilishini Varshavaning Krakovdagi Rossiya diplomatik vakolatxonasini yopib qo‘ygan shunga o‘xshash harakatlariga javob deb atadi.

Foto: Vitaliy Nevar / TASS

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Krakovdagi Bosh konsulligi yopilishiga javoban Polshaning Kaliningraddagi Bosh konsulligini yopayotganini ma’lum qildi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Polshaning Kaliningraddagi diplomatik vakolatxonasi joriy yilning 29 avgustidan boshlab yopiladi, deb xabar qildi TIV. «Ushbu qadam Polsha tomonining Rossiyaning Polsha Respublikasi hududidagi konsullik mavjudligini qisqartirishda ifodalangan asossiz va dushmanona harakatlari bilan izohlanadi», — deyiladi Rossiya TIV xabarida.

May oyida Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy mamlakat TIV Rossiyaning Krakovdagi bosh konsulligi faoliyatiga berilgan rozilikni bekor qilayotganini ma’lum qilgandi. «Rossiya maxsus xizmatlari Merivilska ko‘chasidagi savdo markaziga nisbatan jirkanch qo‘poruvchilik harakatini amalga oshirganligi haqidagi dalillar tufayli men Rossiya Federatsiyasining Krakovdagi konsulligi faoliyatiga roziligimni bekor qilishga qaror qildim», deb tushuntirdi Sikorskiy.

Gap 2024 yil 12 may kuni Varshavadagi Marywilska savdo markazida sodir bo‘lgan yong‘in haqida ketmoqda. O‘shanda 1400 do‘kon va mijozlarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari butunlay yonib ketdi. Bir yil o‘tib, Polsha voqeaga Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan o‘t qo‘yish sabab ekanligini e’lon qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid