Jahon | 22:40 / 07.03.2025
3323
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh G‘arbiy Yevropadagi o‘nga yaqin konsulligini yopishni rejalashtirmoqda

Davlat departamenti, shuningdek, Turkiyaning Gaziantep shahrida joylashgan konsulligini yopish rejasi haqida kongressni xabardor qilgan.

Foto: Reuters

AQSh Davlat departamenti shtatlarni qisqartirish doirasida G‘arbiy Yevropadagi o‘nga yaqin konsulligini yopishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi amerikalik amaldorlar orasidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Xususan, AQShning Hamburg, Dyusseldorf, Leypsig, Bordo, Lion, Strasburg va Florensiyadagi diplomatik missiyalari yopilishi kutilmoqda. Agentlikning yozishicha, ushbu rejalar hali o‘zgarishi ham mumkin.

Davlat departamenti, shuningdek, Turkiya sharqidagi Gaziantep shahrida joylashgan konsulligini yopish rejasi haqida kongressni xabardor qilgan. Ushbu konsullik orqali Vashington Suriya shimoliga gumanitar yordamlarini ko‘rsatib kelgan.

Tramp ma’muriyati byurokratik xarajatlarni kamaytirish maqsadida AQShning butun dunyo bo‘ylab diplomatik ishtirokini qisqartiryapti. Tanqidchilar bu kabi harakat Amerika yetakchiligiga putur yetkazishi, shuningdek, Xitoy yoki Rossiya kabi AQShning geosiyosiy raqiblari bundan foydalanishi mumkin deb hisoblamoqda.

Fevral o‘rtalarida AQSh va Rossiya vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin diplomatik missiyalar faoliyatini o‘zaro to‘liq tiklashga qaror qilingan edi. Amerikaning Moskvadagi elchixonasi shtati o‘nlab xodimlarga oshiriladi.

Davlat deparatmentining butun dunyo bo‘ylab joylashgan 270 dan ortiq diplomatik missiyasida faoliyat yuritayotgan xodimlarining umumiy soni qariyb 70 ming kishini tashkil etadi. Ularning qariyb 45 ming nafari — bu mahalliy xodimlar, 13 ming nafari — diplomatik xizmatlar xodimlari bo‘lsa, 11 ming nafari davlat xizmatchilaridir.

Mavzuga oid

E`lonlar