O‘zbekiston | 09:13 / 11.08.2020
18433
10 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda koronavirusga qarshi qanday kurashilmoqda? SamDTI prorektori bilan suhbat

Kun.uz saytining pandemiya mavzusidagi suhbatlarining navbatdagi mehmoni – Samarqand davlat tibbiyot instituti prorektori, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, yuqumli kasalliklar shifokori va viloyat koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nargiza Yarmuhammedova.

Mutaxassis bilan viloyatda kasallikka qarshi kurash qanday kechayotgani haqida suhbatlashdik.

– Nargiza Anvarovna, pandemiya sharoitida tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilarining COVID-19 bo‘yicha shifoxonalar bilan amaliy hamkorligi yo‘lga qo‘yilganmi?

Albatta, Samarqand davlat tibbiyot institutining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan 2020 yil aprel oyidan boshlab hozirgi kunga qadar COVID-19 bo‘yicha tibbiyot muassasalari va poliklinikalariga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘z ish faoliyatlarini olib borishmoqda.

Tibbiyot muassasalariga biriktirilgan professor-o‘qituvchilarimiz SSV tomonidan ishlab chiqilgan va tavsiya etilgan milliy qo‘llanma, buyruqlar va ko‘rsatmalar asosida tibbiyot xodimlariga shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish tartibi, antiseptiklar va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlash qoidalari, karantin qoidalariga amal qilish va bajarilish masalalari yuzasidan muntazam ravishda tushunchalar va kerakli tavsiyalar berib kelmoqdalar.

Institutimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan muassasa xodimlariga koronavirus infeksiyasi mavzusidagi yangiliklar, koronavirusli infeksiya bilan kasallangan bemorlarni kasallikning klinik belgilari va og‘irlik darajasining ifodalanishi, ijtimoiy sharoitlari o‘rganilgan holda uy sharoitida davo muolajalarini o‘tkazilishi yoki shifoxona sharoitida davo muolajalarini olish tartibi bo‘yicha tibbiyot muassasasi xodimlariga batafsil ma'lumotlar berib kelinmoqda.

– Viloyatda necha nafar shifokor bu kasallik bo‘yicha o‘qitildi va davolash jarayoniga jalb qilindi?

– Cog‘liqni saqlash vazirining 22 martdagi 77-sonli buyrug‘i asosida institut professor-o‘qituvchilari tomonidan Samarqand viloyatida 229 nafar koronavirus infeksiyasi bo‘yicha zaxira infeksionist, epidemiolog, virusolog, PsR-laborant, reanimatolog mutaxassislar tayyorlandi va ularga 18 soatlik sertifikat berildi.

Bundan tashqari, 198 nafar vrach-reanimatolog va 112 nafar vrach-pulmonolog koronovirus infeksiyasi asoratlarining oldini olish maqsadida 144 soatlik sikl asosida o‘qitildi.

Instituti rahbariyati va mutaxassislaridan tashkil topgan 23 nafar ishchi guruh tomonidan hozirgi kunga qadar 11 ta oilaviy va 1 ta markaziy poliklinikada, 67 ta davlat va xususiy korxona-tashkilotlarda tashkil qilingan ishlar karantin qoidalariga mosligini tekshirish hamda amaliy yordam berish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib bormoqda.

Viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasidan 70 nafar shifokor, 50 nafar hamshira, 35 nafar kichik tibbiy xodim, SamDTI 2-klinikasidan 40 nafar shifokor, 35 nafar hamshira, 20 nafar kichik tibbiy xodim, VKTTMdan 80 nafar shifokor, 30 nafar hamshira, VBKTTMdan 110 nafar shifokor, OITS markazidan 40 nafar shifokor, 50 nafar hamshira jami 515 nafar tibbiyot xodimi; bundan tashqari, har bir tuman tibbiyot birlashmalaridan jami 455 nafar shifokor o‘qitildi.

Yana 100 nafarga yaqin pulmonolog, 33 nafar IIB xodimi «Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish» mavzusida, 10 nafar vrach-laborantni «Covid-19da PsR diagnostika» mavzusida onlayn o‘qitish davom etmoqda.

– Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshida «onlayn – poliklinika» tashkil kilinibdi. Bu poliklinikani tashkil etishdan maqsad nima?

Bemorlarni davolash uchun eng muhim tizimlardan biri bu birlamchi davolash muassasalari hisoblangan poliklinikalardir. Chunki odam kasal bo‘lsa, avvalo poliklinikaga murojaat qiladi. Mana shu tizimga ko‘maklashish maqsadida institutimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan bepul onlayn-poliklinika tashkil etildi.

Davolash jarayonida berilgan tavsiyalar ishlab chiqishda ham professor-o‘qituvchilar faol ishtirok etishdi. Hozirga qadar «onlayn –poliklinika»ga fuqarolarimizdan 6000 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi va o‘z vaqtida kerakli maslahatlar berildi.

Asosan isitma ko‘tarilishi, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar, arterial gipertoniya, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet, peshob yo‘llari kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar, homilador ayollar, bir yoshga yetmagan bolalarning onalaridan murojaatlar kelib tushmoqda.

Qo‘ng‘iroqlar turli yo‘nalishda bo‘lmoqda, hatto ba'zida tez yordam xizmatiga tusholmaganlar ham ushbu markazga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘raydi.

Kezi kelganda institutimiz qoshidagi klinika bilan hamkorlikda bemorlarni shifoxonaga olib borishga ham to‘g‘ri keldi.

Onlayn poliklinikaga murojaat kilganlarning savollari va tashxisiga qarab foizlarda taqsimlanishi quyidagicha:

•             COVID-19 bo‘yicha savollar – 12 foiz

•             Isitma ko‘tarilishi – 20 foiz

•             Yo‘tal – 3 foiz

•             Arterial gipertoniya – 20 foiz

•             Yurak ishemik kasalliklari – 8 foiz

•             Qandli diabet – 4 foiz

•             Oshqozon ichak tizimi kasalliklari – 2 foiz

•             Homiladorlar – 2,8 foiz

•             Nevrologik kasalliklar – 6 foiz

•             Bolalar kasalliklari – 8 foiz va h.k.

Mazkur poliklinikada tibbiy xizmat ko‘rsatishda faqatgina umumiy amaliyot shifokorlari emas, balki kardiolog, nevropotolog, endokrinolog, LOR, akusher-ginekolog kabi malakali professor-o‘qituvchilardan iborat mutaxassislar guruhi ham jalb qilingan.

Nafaqat viloyatimizdan, balki qo‘shni Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlaridan ham murojaatlar bo‘lyapti. Ayni vaqtda «onlayn-poliklinika» xizmatidan xorijda bo‘lib turgan yordamga muhtoj yurtdoshlarimiz ham foydalanmoqda. Ayniqsa xorijda og‘ir ahvolda qolgan bemorlar ahvollari yaxshilanguncha konsultantlar bilan bog‘lanib turishdi.

Aholining kam ta'minlangan qatlamiga hududiy poliklinikalar orqali bepul dori vositalari yetkazildi. Ayrim dorixonalar qiynalgan bemorlarga beg‘araz yordam ko‘rsatishdi.

Shuningdek, fuqarolarning vahimaga tushib qolish holatlari ham uchramoqda. Ularga psixologik ko‘mak berish maqsadida markazimizda psixolog maslahati yo‘lga qo‘yilgan.

– Provizor gospitallar faoliyati haqida ham so‘zlab bersangiz. Ularda bemorlarga qanday yordamlar ko‘rsatiladi?

Bugungi kunda viloyatda yaxshi bir tajriba qo‘llanilmoqda. Aytish lozim, «103», «1003», «1105» telefon raqami orqali isitmasi ko‘tarilganini ma'lum qilgan bemorlar har qanday holatda provizor gospitalga joylashtirilyapti. Mazkur gospital Samarqand shahridagi «Registon» mehmonxonasida tashkil qilingan bo‘lib, viloyat hokimligi tashabbusi bilan 11ta mobil tez yordam brigadasi biriktirildi.

Ushbu gospitalning ahamiyatli tomoni shundaki, isitmasi bo‘lgan bemor uch kungacha saqlab turiladi. Ularga birinchi yordam ko‘rsatiladi, COVID-19'ga tahlil olinadi. Uch mahal ovqat va birlamchi dori-darmonlar bilan ta'minlanadi.

Bemorning holati ijobiy tomonga o‘zgarib, kasallik alomatlari kuzatilmasa, uyiga javob beriladi. Yengil holatdagilar esa doimiy nazoratda bo‘lishi uchun maxsus tashkil qilingan shifoxonalarga joylashtirilib, kuzatuvga olinadi.

Kasallik belgilari alomatsiz kechayotgan bemorlarga esa uyiga javob berilyapti va ularning izolyatsiyasi ta'minlanmoqda. Shu bilan birgalikda, oilaviy yoki hududiy poliklinikalarga xabar berilib, nazoratga olinyapti. Faqat og‘ir yoki o‘rtacha holatdagilar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilmoqda.

Aytish mumkinki, bu kabi provizor gospitallar Samarqandning o‘ziga xos tajribasi hisoblanadi. Hushyorlikni yanada oshirish va birlamchi tasavvur berish maqsadida SamDTI tomonidan maxsus qo‘llanma va bukletlar tayyorlanib, shifokorlar va aholiga tarqatildi.

– Samarqandda ham boshqa viloyatlarda bo‘lgani kabi COVID–19'ga qarshi kurashishda aholiga beg‘araz yordam ko‘rsatish maqsadida ko‘ngillilar guruhlari tashkil qilindimi?

– Institutimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga ko‘maklashish maqsadida ko‘ngillilar guruhi tuzildi. Guruhga 200dan ortiq yoshlar jalb qilindi.

Ko‘ngillilar turli tibbiyot muassasalarida, karantin hududlarida, COVID-19'ni davolashga mo‘ljallangan shifoxonalarda, 20 apreldan boshlab institutda tashkil etilgan 1105 qisqa raqamli koll-markazda, Samarqand shahridagi «Tez tibbiy yordam» markazida tashkil etilgan 1003 va 103 qisqa raqamli koll-markazlarda faoliyat olib bormoqda.

2020 yil 20 apreldan tashkil etilgan koll-markazga shu kunga qadar 5000 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, hozirda 1105 qisqa raqami ishga tushgandan keyin bir kunlik murojaatlar soni 500ga yaqinni tashkil etmoqda. 1105 qisqa raqamiga bo‘lgan murojaatlarga institutning yetakchi mutaxassislari, psixologlar va ko‘ngillilar guruhi tomonidan kecha-yu kunduz javob berilmoqda.

Shuningdek, ko‘ngillilar guruhi tomonidan pandemiya davrida aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yanada oshirish maqsadida turli xil videoroliklar, taqdimotlar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylanib kelinmoqda.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid