Jahon | 07:37 / 12.08.2020
8524
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq mudofaa vazirining Turkiyaga safari turk droni zarbasidan keyin bekor qilindi 

Iroq tashqi ishlar vazirligi mudofaa vazirining Turkiya 13 avgustga belgilangan safari bekor qilinganini ma'lum qildi. Safarning bekor qilinishi turk dronining Iroqning Irbil viloyatidagi hujumi bilan bog‘langan.    

11 avgustda sodir etilgan hujum oqibatida 5 kishi – Iroq armiyasining 2 zobiti va Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) a'zolari halok bo‘lgan. Shu sababli Iroq tashqi ishlar vazirligi Turkiya elchisiga voqea yuzasidan norozilik notasi topshirish hamda Turkiya tomonidan Iroq hududida hujum va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligidan ogohlantirish uchun uni chaqirtirgan. 
        
Zarba Iroq chegarachilari va KIP a'zolari o‘rtasida yig‘ilish o‘tayotgan joyga berilgan. OAVda ma'lum qilinishicha, turk droni iroqlik chegarachilarga yanglish zarba bergan.

Turkiyalik harbiylar 2015 yildan beri Iroqning kurdlar ko‘pchilikni tashkil qiladigan shimoliy qismida hamda KIPning u yerda joylashgan bazalariga qarshi havodan va quruqlikdan operatsiyalar o‘tkazib keladi. Iroq tashqi ishlar vazirligi vakili Ahmad as-Sahhafning ta'kidlashicha, Bag‘dod Turkiyaning Iroqdagi harbiy amaliyotlarini to‘xtatish uchun BMT Xavfsizlik kengashiga va Arab davlatlari ligasiga murojat qilishi mumkin.  

Mavzuga oid