Jahon | 22:23 / 14.08.2020
43544
7 daqiqa o‘qiladi

Belarusda namoyishlarning oltinchi kuni. Minglab ishchilar ko‘chaga chiqdi, ularga qarshilik ko‘rsatilmayapti

Belarusda korxonalar va zavodlarda ham mitinglar to‘lqini boshlandi. Ishchilar namoyishchilarga kuch ishlatilishiga qarshi chiqishmoqda. So‘nggi ikki kun ichida respublikadagi ko‘plab zavodlar, shu jumladan «Grodno Azot», «Naftan», «BelAZ», Minsk avtozavodi va boshqa korxonalar ishchilari namoyishchilarga qo‘shildi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Korxonalar oyoqqa turgan

Qatorasiga ikkinchi kun namoyishlarda ishchilar ham ishtirok etmoqda. BelAz va MAZ ishchilari ortidan 10dan ortiq zavodlar xodimlari mitinglarga qo‘shildi. Juma kuni Belarus metallurgiya zavodi, Minsk elektrotexnika zavodi, Novopolotskdagi «Naftan» (yirik neft-kimyo majmuasi) va «Grodno azot»da namoyishlar boshlangandi.

Minsk traktor zavodining minglab ishchilari shahar markazi bo‘ylab yurib o‘tishdi. Ular prezidentning iste'fosini va saylovlar qayta o‘tkazilishini so‘rashmoqda.

Namoyishchilar Mustaqillik prospekti bo‘ylab yurib o‘tishgan.  Ularga yo‘l davomida boshqalar ham qo‘shilgan. Xususan, «Belarus kaliy» xodimlari va Minsk metropoliteni ishchilari. Metropoliten ishchilari «Keyingi bekat - Yangi prezident» degan shior bilan aksiyaga chiqishgan. Ular halol saylov o‘tkazish va tinch aholiga zo‘ravonlik qilishni to‘xtatishni talab qilishmoqda.

Huquq-tartibot organlari hozircha ularga qarshilik ko‘rsatmagan. Yo‘llardan o‘tayotgan mashinalar signal chalib, ularni qo‘llab-quvvatlashgan.

Minsk traktor zavodi Foto: Nataliya Fedosenko/TASS
«Grodno Azot» korxonasi Foto: Leonid SHCHeglov/TASS
Minsk avtomobil zavodi Foto: EPA/Vostock-photo

Lukashenkoning chiqishi
Lukashenko juma kuni Belarusdagi namoyishlarda burilish ro‘y berganidan keyin ilk marta bayonot bilan chiqdi - bungacha Ichki ishlar vaziri Yuriy Karayev namoyishlarni tarqatish vaqtida jabrlanganlardan uzr so‘ragan, prezident administratsiyasi rahbari Natalya Kochanova Lukashenko «mehnat jamoalarining fikrini eshitishi»ni va qo‘lga olinganlar bilan shug‘ullanishga topshiriq berganini aytdi.

«Avvalo, shuni aytmoqchimanki, men soppa-sog‘man va bizning ba'zi «aqllilarimiz» «prezident mamlakatni tark etdi va xorijda» kabi mish-mish tarqatganlaridek xorijda emasman», dedi u qurilish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda.

Lukashenko uning raqiblari ishlab chiqarish sohasi xodimlarini chalg‘itishga urinayotgani haqida gapirdi va ishchilarni ish tashlashlarda qatnashmaslik haqida ogohlantirdi. Agar ishlab chiqarish to‘xtasa, bu Belarus bilan raqobat qilayotgan davlatlarga qo‘l kelishi mumkinligini aytdi.

«Agar to‘xtasak, hech qachon o‘z mahsulotlarimizni jahonga olib chiqa olmaymiz. Hech qachon. Ular bizni botqoqqa itarishadi. Agar siz bugun 10ta traktor ishlab chiqarmasangiz, uni bozorga olib chiqmasangiz, nemislar va amerikaliklar o‘z texnikalarini Rossiyaga olib keladi», degan u.

U bu odamlarga namoyishga chiqish uchun pul to‘lanayotganiga shama qilgan.

«Menga hisobot berishlaricha, MAZ zavodida 20 kishi o‘z fikrini aytishga qaror qilgan va ishni tashlab, ketishgan. Zavod xo‘jayini shunday degan: yaxshi, ketaveringlar yigitlar. Menda odam yetarli, bu maoshlar qoladigan odamlarga. Ular esa ortga qaytishgan va ishlashda davom etishgan», degan u.

TASS agentligining qayd etishicha, Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko zavodga kelgach, jurnalistlar ko‘z o‘ngida namoyishchilar bilan muloqot qilishdan bosh tortgach, ishchilar marsh boshlashgan.

Tixanovskaya merlarni tinch namoyishlarga chaqirdi
Prezidentlikka nomzod Tixanovskaya Litvadan turib yana bir videomurojaat qildi va Belarus shaharlari merlarini dam olish kunlarida tinch namoyishlarga boshchilik qilishga chaqirdi.

«Biz Belarus shaharlari ko‘chalaridagi zo‘ravonlikni to‘xtatishimiz kerak. Men hukumatni buni bas qilishga va muloqotga chaqiraman. Men barcha shaharlarning merlaridan 15-16 avgust kunlarida har bir shaharda tinch namoyishlarga rahbarlik qilishga chaqiraman», - degan Tixanovskaya YouTubega joylashtirilgan videorolikda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 9 avgust kungi prezidentlik saylovlarida uni saylovchilarning 60-70 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

MSK juma kuni saylovning yakuniy natijalarini e'lon qildi, unga ko‘ra Tixanovskaya 10,12 foiz, Lukashenko esa 80,10 foiz ovoz olgani ma'lum qilingan. Markaziy saylov komissiyasi Lukashenkoni g‘olib deb e'lon qildi va prezidentlikka nomzodlarning saylov natijalarini tan olmaslik haqidagi barcha shikoyatlari rad qilindi.

«Biz, o‘zgarishlar tarafdorlari ko‘pchilikmiz - bu hujjat bilan tasdiqlangan - protokollar nusxalari bor. Unga ko‘ra meni saylovda qo‘llab-quvvatlaganlar 60 foizdan 70 foizgacha», - degan Tixanovskaya va o‘zi uchun ovoz berganlarning imzolari yig‘ilishini ma'lum qildi.

«Belaruslar endi hech qachon avvalgi hukumat bilan yashashni istashmaydi. Uning [Lukashenko] g‘alabasiga ishonishmayapti», - deya qo‘shimcha qilgan u.

Hukumat uyi oldida «do‘stona uchrashuv»

Namoyishchilar Mustaqillik maydonidagi hukumat binosi qarshisida yig‘ilishdi. OMON namoyishchilar qarshisida  qalqonlarini pastga tushirdi. Namoyishchilar ularning oldiga yugurib borib, quchoqlashdi va ular bilan birga suratlarga tushishdi.

Namoyishchilar «Armiya xalq bilan!», «Militsiya xalq bilan!» deya hayqira boshladi.

Bino hovlisiga o‘tirib olgan namoyishchilar saylovlar qaytadan o‘tkazilmasa, ish tashlashlar va namoyishlar davom etishini aytishmoqda. Huquq-tartibot organlari xodimlari namoyish tinch o‘tgan taqdirda hech kimga teginmaslikka va'da berishmoqda.

Lukashenko Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirdi

Aleksandr Lukashenko Xavfsizlik kengashi a'zolari bilan uchrashuvda mamlakat aholisini ko‘chalarga norozilik aksiyalari uyushtirish uchun chiqmaslikka chaqirdi. U mamlakatga xorijdan kuchlar kirib kelayotgani haqida gapirdi.

Minskdagi umumiy vaziyatni prezident quyidagicha so‘zlar bilan ifodaladi: «Men vaziyat haddan tashqari keskinlashgan demayman, ammo muammolar yetarli, hal qilinishi zarur bo‘lgan masalalar yetarli».

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘layotgan voqealar «xorijdagi odamlar» tomonidan boshqarilmoqda. «Birinchi qatorlarda jinoiy o‘tmishga ega bo‘lganlar ketmoqda», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Shuningdek, Lukashenko namoyishchilarga zo‘ravonlik qilinayotgani bo‘yicha fikr bildirgan. «Vazirdan va boshqalardan so‘rayman: biz baribir slavyanlarmiz, odam yiqilib yotgan bo‘lsa, uni kaltaklash kerak emas. To‘xtay olish kerak», — degan u.

Mavzuga oid