O‘zbekiston | 15:17 / 15.08.2020
11842
5 daqiqa o‘qiladi

Gender tenglikka erishish strategiyasining yakuniy muhokamasi o‘tkazildi. Hujjat nimalarni qamrab olmoqda?

O‘zbekistonda 2020-2030 yillarda Gender tenglikka erishish strategiyasi yakuniy muhokamadan o‘tkazildi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Ta'kidlanishicha, strategiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – barcha ayollar va qizlar, erkaklar va bolalar uchun ularning irqi, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, ijtimoiy mavqeyidan qat'i nazar ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotdagi fundamental inson huquqlarining ta'minlanishiga erishish hisoblanadi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva rahbarligida o‘tgan muhokamada xalqaro tashklotlar, nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etib, strategiyani takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirishdi.

Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Senati raisi, Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi:

– Gender tengligiga erishish masalasi O‘zbekiston uchun ustuvor siyosat yo‘nalishi hisoblanadi. Mustaqillik yillarida bu masala tilga olinmagan, ayollarning zo‘ravonlikka uchrashi mavzusi yopiq bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi uch yilda bu borada 2ta qonun va 15dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Qonunlar bo‘lsa-da, lekin ularni amaliyotga tatbiq qilishda hali ko‘plab muammolar bor.  

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Qabul qilinishi kutilayotgan mazkur strategiya 2030 yilgacha O‘zbekiston gender tenglikni ta'minlash uchun qanday vazifalarni bajarishi kerakligini belgilab beradi. Strategiya ijrosi nafaqat davlat idoralari, balki nodavlat-notijorat tashkilotlar tomonidan ham amalga oshiriladi. Buning uchun ularga davlat budjeti va moliyaviy institutlar mablag‘lari asosida subsidiyalar ajratiladi.

Strategiyaning qoniqarli darajada ijro etilishi ustidan parlamentning monitoring tizimi o‘rnatiladi.

Ashita Mittal, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi:

– Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘zbekistonning gender tenglikka erishish yo‘lida amalga oshirayotgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

2020-2030 yillarda Gender tenglikka erishish strategiyasining ijrosi nafaqat ayollar, balki erkaklarning ham bu boradagi rolini oshirish orqali bajarilishi kerak. Shuningdek, gender tengligi tushunchasini ta'lim jarayonida yosh avlodga tushuntirib borish jamiyatda bu masalaga nisbatan yangicha qarashning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.

Shu bilan birga, gender tengligini ta'minlash siyosatida natijadorlik va hisobdorlikni oshirish uchun gender adolatiga taalluqli statistika va ma'lumotlarni jamlab borish muhimdir.

Yu Yu, YuNFPAning O‘zbekistondagi vakili:    

– Mazkur strategiyani amalga oshirishda talab etiladigan xarajat va chiqimlarni qat'iy belgilab olish kerak. Davlat budjeti va boshqa resurslardan ajratiladigan mablag‘lar taqsimoti uchun aniq hisobdorlik tizimini joriy qilish darkor.

Mamlakatda gender tengligi borasidagi real vaziyatni tahlil qilish uchun ilmiy tadqiqotlar olib borilishi lozim.

Oksana Pak, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakili:

– O‘zbekistonda ayollarning yuridik va moliyaviy savodxonligini tizimli oshirish masalasi ham milliy darajada ko‘rib chiqilishi kerak. Gender tengligini ta'minlashda davlat siyosatini amalga oshirishda nazorat va tahlil mexanizmi mavjud bo‘lishi lozim.

2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi 9ta maqsadni qamrab oladi:

– ijtimoiy-siyosiy hayotda erkak va ayollarning ishtirok etishida teng imkoniyat va huquqlarni yaratish;

– ayol va erkaklarning iqtisodiyot, bandlik va mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishda gender tengligini ta'minlash;

– butun hayot davomida barcha uchun adolatli va sifatli ta'limni ta'minlash;

– barcha xotin-qizlar uchun gender tengligini ta'minlash, zo‘ravonlikdan himoyalash, odam savdosiga chek qo‘yish;

– barcha erkak va ayollar uchun ijtimoiy himoya, sog‘lom turmush tarzini ta'minlash;

– milliy gender statistikasini rivojlantirish;

– rejalashtirish va budjetlashtirishda gender masalasini inobatga olish;/

– OAVda gender muammolarining keng yoritilishini ta'minlash;

– barcha uchun xavfsiz ekologik muhitni ta'minlash masalalariga xotin-qizlarni jalb qilish.

Ma'lumot uchun,  O‘zbekiston gender tengligi bo‘yicha 188ta davlat orasida 44-o‘rinni egallaydi.

Mavzuga oid