Jahon | 10:29 / 16.08.2020
5725
2 daqiqa o‘qiladi

Filippinlik vazir koronavirusga qayta chalinganini ma'lum qildi  

Filippinning ichki ishlar va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish vaziri Eduardo Ano koronavirusga qayta chalinganini ma'lum qildi. Ta'kidlanishicha, 58 yoshli amaldorda koronavirus birinchi marta mart oyida aniqlangan va u davolanib chiqqan. 

Foto: Philippine News Agency

“13 avgustda men gripp alomatlarini, jumladan tomoqda va tanada og‘riq his qila boshladim. 14 avgustda o‘zimni yakkalab, polimeraza zanjir reaksiyasi usulida tahlil topshirdim. 15 avgustda tahlil javobini oldim, unda menda yana koronavirus aniqlangani ma'lum qilingandi”, deb aytgan vazir. Hozirda u izolyatsiyada shifokorlar kuzatuvida qolmoqda. 

“Men buni shu maqsadda e'lon qilmoqdamanki, men bilan yaqin muloqotda bo‘lganlarni o‘zlarini yakkalashga, sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga muvofiq barcha alomotlar bor-yo‘qligini kuzatishga va tegishli choralar ko‘rishga chaqirmoqchiman. Men, shuningdek, bu bayonotni virusning qanchalik jiddiyligini ta'kidlab o‘tish va barchani niqob taqishga, tez-tez qo‘l yuvishga va ijtimoiy masofalashuvga rioya qilishga chaqirish uchun bermoqdaman. Bu oddiy qoidalarga rioya qilib, yaqinlarimiz va jamiyatimizni himoyalashda yordam berishimiz mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan Eduardo Ano.

Shuningdek, aprel oyida Filippin ta'lim vaziri Leonor Brionesda, iyulda esa jamoat ishlari va yo‘l qurilishi vaziri Mark Villarda ham koronavirus aniqlangan.

Filippinda koronavirusga chalinish bo‘yicha ilk holat 30 yanvarda qayd qilingan edi. Ayni vaqtda mamlakatda virusdan kasallanganlar soni 153 mingdan, vafot etganlar soni 2,4 mingdan oshib ketdi. Shu bilan birga, 71,4 ming kishi koronavirus infeksiyasidan sog‘ayib ketgan. 

Mavzuga oid