Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘istonda odam savdosida ayblanib qo‘lga olingan shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Qozog‘istonda 2020 yilning fevralida qo‘lga olingan o‘zbekistonlik Xurram Berdiyev 17 avgust kuni O‘zbekistonga topshirildi. Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining ma'lum qilishicha, ushbu shaxs odam savdosida ayblanmoqda.
«Internet tarmog‘ida Qozog‘iston Respublikasi hududida go‘yoki jinoyat sodir etganlikda asossiz ayblanayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 59 yoshli Xurram B.ning qo‘lga olinganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Mazkur fakt bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qilamiz. 2013 yilning oxirida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga fuqaro E.E. va F.P.dan kelib tushgan arizada mazkur fuqarolar 2013 yilning avgust oyining oxirida ularga Chimkent shahrida katta maosh to‘lanadigan ish taklif qilgan bir guruh shaxslarga nisbatan chora ko‘rishni so‘rashgan. Jabrlanuvchilarga qonuniy ishga joylashish va'da qilingan. O‘sha yilning o‘zida o‘zlarini «Mustaqil mardikorlar tashkiloti» vakillari sifatida tanishtirgan shaxslar E.E. va F.P.ni Chimkent shahriga olib ketishgan. Chimkentga yetib borgach, ularning pasportlarini olib qo‘yishgan va qurilishda ishlashga majbur qilib, va'da qilingan maoshni to‘lashmagan.
2013 yilning 19 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan jabrlanuvchilarning arizalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135 moddasi («Odam savdosi») «b» bandi 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov davomida mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlanuvchi shaxslar aniqlandi. Ular surxondaryolik 1961 yilda tug‘ilgan Xurram B., Nuraddin D. va Faxriddin T. bo‘lgani ma'lum bo‘ldi. Nuraddin D. va Faxriddin T. jinoiy javobgarlikka tortilib, mahkum etildi. Xurram B. esa 2014 yilning yanvar oyida qidiruvga e'lon qilindi», deyiladi xabarda.
Ma'lum qilinishicha, 2020 yilning fevral oyida Xurram B.ning turar joyi aniqlangan va u Qozog‘iston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida qo‘lga olingan. 17 avgust kuni, karantin cheklovlari bekor qilingach, Xurram B. qonuniy chora ko‘rilishi uchun O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
«Shuningdek ma'lum qilamizki, Xurram B. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi «g» bandi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. Unga qarshi boshqa hech qanday ayblov ko‘zda tutilmagan», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
20:20 / 21.06.2026
Interpol o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan shaxslarni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi
13:29 / 27.02.2026
Rossiya Ukrainaga qarshi urush ishtirokchilarini ekstraditsiya qilmaydi
15:41 / 01.02.2026
Nomusga tegish jinoyati bo‘yicha xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Gurjistondan ekstraditsiya qilindi
14:09 / 31.01.2026