Ma'lumot o‘rnida, ko‘plab islom mamlakatlarida amal qilinadigan hijriy-qamariy taqvim oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Hilol (yangi oy) ko‘ringandan keyingi kun yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Hijriy-qamariy oylar 29 yoki 30 kun bo‘ladi. Shu sababli hijriy-qamariy yil 354-355 kun bo‘lib, milodiy yildan 10-11 kun kam bo‘ladi.

Hijriy-qamariy taqvimning birinchi kuni Muharram oyining birinchi kunidan boshlanadi. Hijriy-qamariy yil bo‘yicha oylar tartibi quyidagichadir: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabiul oxir, Jumodul avval, Jumodul oxira, Rajab, Sha'bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa'da, Zulhijja.

Oyning chiqishiga qarab, 2020 yil 20 avgust kuni hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha 1442 yil kirib keldi. Muharram oyi yangi yilning birinchi oyi hisoblanadi.

Umuman, islom mamlakatlarida qo‘llanib kelinadigan taqvim – hijriy-qamariy taqvimga qachon asos solingan? Undagi oylar hisobi qanday yuritiladi?

Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollar bilan Toshkent shahridagi «Bodomzor» jome masjidi imom xatibi Rahmatulloh Termiziyga murojaat qildi.

— Alloh taolo butun borliqni, jumladan insoniyatni ham tartib bilan yaratgan. Sababi, yaratilish jarayonlarining vaqt bilan o‘lchanganidir. Ya'ni, Alloh taolo Qur'oni Karimda olamni necha kunda yaratganining xabarini beradi. Albatta, u kunlarning biz istiqomat qilib turgan kunimizdan farqi bo‘lsa-da, vaqti tayin qilingandir.

Alloh subhanahu taolo Tavba surasining 36-oyatida butun borliqni yaratganida o‘zining huzurida oylarni 12ta qilib belgilaganini e'lon qiladi. Bu oylar bandaga yordamchi bo‘lib, umrini, vaqtini, ishlarini rejalashtirishda, hisoblashda lozimdir. Hayotning qadriga yetadi. Shu bois, insoniyat yillarning hisob-kitobga har doim muhtoj bo‘lgan.

Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalari Islom taqvimini joriy qilishga maslahat qilishgan va katta kelishuv bo‘lgan. Bunda hazrati Ali roziallohu anhuning taklifini ko‘pchilik ma'qullagan. Takliflar orasida Payg‘ambarning tavalludi, vahiy nozil bo‘lgan sanalar birinchi yil sifatida olinishiga doir takliflar ham bo‘lgan.

Ma'lumot o‘rnida: Hijriy-qamariy taqvimdan foydalanishga ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob raziyallohu anhu davrida, ya'ni 16-hijriy yilning Rabiul avval oyida qaror qilingan va kelgusi 1-Muharram 17-hijriy yilning boshi deb hisoblangan. Hijriy-qamariy yilning boshlanishiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan sanalari asos qilib olingan. Bu milodiy 622 yilga to‘g‘ri keladi. «Hijriy» degan so‘z «hijrat (ko‘chish)ga tegishli», «qamariy» esa «oyga tegishli» degan ma'noni bildiradi.