O‘zbekiston | 16:36 / 08.06.2021
27470
4 daqiqa o‘qiladi

10 oyda 7-marta ta'mirlanayotgan yo‘l. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas'uliyatni zimmasiga olmayapti

Qo‘mita yo‘l ta'mirlashdagi korrupsiyani tanqid qilgan imom Rahmatulloh Termiziy ustidan arz qilgandi. Kun.uz imom o‘z ma'ruzasida nazarda tutgan, 10 oyda 7-marta ta'mirlanayotgan yo‘lni borib ko‘rdi. Qo‘mita esa, qonunchilik va raisining so‘zlariga zid ravishda, holat uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olmadi.

Toshkentdagi «Mirza Yusuf» (Bodomzor) jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfiddinov o‘z chiqishlaridan birida avtomobil yo‘llarining ahvolini tanqid qilib, yo‘lsozlik sohasi mas'ullarini insofga chaqirgan edi. Biroq bunga javoban Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raddiya berishni so‘rab, imom ustidan Musulmonlar idorasiga shikoyat qilgandi.

Kun.uz muxbiri imom Sayyid Rahmatulloh Termiziy o‘z ma'ruzasida nazarda tutgan yo‘lni aniqladi va u yerdagi holatni borib ko‘rdi.

Ma'lum bo‘lishicha, domla so‘z yuritgan yo‘l Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasining 556 metrlik qismi bo‘lib, yo‘l 2020 yil 29 avgust kuni (9 oy avval!) foydalanishga topshirilgan. Aniqlanishicha, o‘tgan salkam 10 oy vaqt ichida yo‘lning bu qismi 7-marotaba ta'mirlanmoqda.

Muxbir gaplashgan mahalliy fuqaro yo‘l foydalanishga topshirilgandan buyon deyarli har oy ta'mirlanayotganini aytdi.

Jazirama issiq bo‘lishiga qaramay, aynan shu yerda navbatdagi ta'mirlash ishlarini olib borayotgan yo‘lsozlarning aytishicha, ular ham ta'mirlashdan charchagan.

Sababiga qiziqqanimizda, ma'lum bo‘ldiki, Yunusobod metro yo‘nalishining so‘nggi – Turkiston bekati qurilishi munosabati bilan yo‘l kavlangan, so‘ngra, bekatning usti beton va tuproq bilan yopilgan.

Yo‘l serqatnovligi bois tebranish va og‘ir yuklar asfalt qoplama ostiga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan va bir necha oydirki, qayta-qayta ta'mirlashga to‘g‘ri kelmoqda.

Asfaltosti qatlamning yetarli darajada zichlanmagani yo‘l takror-takror ta'mirlanishining asosiy sabablaridan biri ekani aytilmoqda.

Biz Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan bog‘landik. Qo‘mita rasmiysining aytishicha, garchi imom-domla ma'ruzasi bo‘yicha qo‘mita Musulmonlar idorasiga xat kiritgan bo‘lsa-da, so‘z borayotgan yo‘l qo‘mita tasarrufida emas.

Toshkent shahridagi barcha yo‘llar mahalliy, ya'ni ichki foydalanishdagi yo‘llar hisoblangani bois, shahar hokimligi tasarrufida hisoblanadi va tuman obodonlashtirish bo‘limlari tomonidan ta'mirlanadi, deyishdi qo‘mitadagilar.

Vaholanki, qonunchilikka asosan, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi avtomobil yo‘llarini qurish, ta'mirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshirishi kerak. Bu davlat organi avtoyo‘llar sohasida yagona texnik siyosatni yuritishga mas'ul.

Shu o‘rinda eslatish o‘rinliki, qo‘mita raisi Abdurahmon Abduvaliyev shu yil fevralda Farg‘onada prezidentdan dakki eshitganida, munosabat boshqacha bo‘lgandi. Davlat rahbari «Mana shu yo‘llarga kim javob berishi kerak?» deb mahallaning ichki yo‘lini ko‘rsatganida, Abduvaliyev javobgarlikni bo‘yniga olgandi.

«O‘zi aslida bitta odam javob berishi kerak. Biz javob beramiz», – degandi qo‘mita raisi.

Ta'kidlash lozim, yo‘lsozlarni insofga chaqirgan imom ustidan davlat organi tomonidan Musulmonlar idorasiga shikoyat yo‘llanishi jamoatchilikning jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Kun.uz'ning Instagram'dagi sahifasida joylangan xabar ostiga 5 soat ichida 2,5 mingdan ortiq izohlar qoldirildi.

Ayni paytga qadar jami 4 mingdan oshgan izohlarning aksariyatida mamlakatdagi yo‘llar ahvoli qoniqarli emasligi ta'kidlangan, qo‘mitaning bu ishi qoralangan.

Mavzuga oid