O‘zbekiston | 16:06 / 20.08.2020
20270
4 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Talabalar shaharchasi, «Paxtakor» stadioni va Botanika bog‘i testlarga tayyorlanmoqda

Test sinovlari kuni yomg‘ir yog‘ib qolishi ehtimoli ham hisobga olingani, hududlar kameralar bilan ta'minlanishi ma'lum qilindi.

Joriy yilgi kirish imtihonlari ochiq stadionlarda va xiyobonlarda 2 sentyabrdan boshlab 2 hafta davom etadi.

Respublika bo‘yicha 40ta stadion va xiyobon test sinovlarini o‘tkazish uchun belgilangan. O‘tgan yilgi sinovlardan farqli ravishda, bu yilgi imtihonlar o‘tkazilayotgan hududlarda ota-onalar uchun alohida kutish joylari tashkil etilmaydi.

Ayni paytda belgilangan hududlarda testga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Kun.uz muxbiri Toshkent shahrida belgilangan hududlarda olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan abituriyentlarni tanishtirish maqsadida reportaj tayyorladi.

Odatda, talabalar bilan gavjum bo‘ladigan Talabalar shaharchasi xiyoboni kirish imtihonlari o‘tkaziladigan hudud sifatida belgilangan. Hozir bu yerda sinov uchun partalarni joylashtirish, videokuzatuv qurilmalari uchun elektr simlarini tortish ishlari olib borilmoqda.

Olmazor tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Husniddin Mamadiyev bergan ma'lumotga ko‘ra, Talabalar shaharchasi xiyobonida bitta smenada 76 guruhda 2 280 nafar abituriyent test topshirishi mumkin bo‘ladi.

«Test hududida abituriyentlar tekshirilib, dezinfeksion yo‘lakdan o‘tib kirishlari uchun sharoit qilinadi. Partalar Davlat test markazi mutaxassislari ishtirokida tuman volontyorlar guruhlari tomonidan joylashtirilmoqda.

Test sinovlari kuni yomg‘ir yog‘ib qolishi ehtimoli ham hisobga olingan. Agar yomg‘irli havo kuzatilishi ehtimoli paydo bo‘lsa, Olmazor tumani obodonlashtirish boshqarmasi va boshqa tashqilotlar hamkorligida imtihon hududining usti yopiladi», – dedi Husniddin Mamadiyev.

Bundan tashqari, Olmazor tumanida yana bir obekt – G‘alaba bog‘i hududidagi yopiq sahna maydoni ham test uchun mo‘jlallangan.

Tuman hokimi o‘rinbosari Husniddin Mamadiyevga ko‘ra, bir smenada 480 nafar abituriyent test topshirishi kutilayotgan bu obekt ayni paytda tayyor holga keltirib qo‘yilgan.

Botanika bog‘ida esa bir smenada 720 nafar abituriyent test topshirishi mo‘ljallanmoqda.

«30 avgustgacha hududda barcha tayyorgarlik ishlari yakunlanadi. Bog‘ ochiq joy bo‘lgani bilan test o‘tkaziladigan hudud atrofi o‘raladi. Sinovni nazorat qilish uchun o‘rnatiladigan kameralardan tashqari Botanika bog‘ining ham kameralari ishlaydi. Shuning uchun xavfsizlik jihatidan xavotir olish kerak emas. Abituriyentlar faqat o‘z bilimiga ishonib kelishsa, yetarli», – deydi DTM bosh mutaxassisi Qodirjon Yusupov.

«Paxtakor» futbol klubida esa jami 2 520 nafar abituriyent test topshiradi. Hozir bu hududda ham partalarni joylashtirish ishlari bajarilmoqda.

Shayxontohur tumani Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i Jamshid Abduraimovning so‘zlariga ko‘ra, partalar joylashtirib bo‘lingach, stadionning yorug‘lik holati ham o‘rganib chiqiladi. Agar yorug‘lik test ishlashga xalaqit beradigan bo‘lsa, qo‘shimcha chiroqlar o‘rnatiladi.

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid