O‘zbekiston | 21:02 / 20.08.2020
13993
3 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev ehtiyojmandlarga pul tarqatishda soxtakorlik qilgan mas'ullarni tanqid qildi

Ma'lum bo‘lishicha, ayrim mas'ullar ehtiyojmand oilalar ro‘yxatida keltirilgan shaxslar telefon raqamlari yoziladigan joyga o‘z raqamlarini kiritib qo‘ygan. Shu tarzda prokuratura vakillari qo‘ng‘iroq qilganida ham «ha, men o‘sha odamman, oldim pulni» qabilida javob bergan.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ayrim tumanlarda ehtiyojmand oilalarga mablag‘ tarqatilishi masalasida yuz bergan soxtakorliklarda ko‘pincha mahalla fuqarolari yig‘inlari mas'ul shaxslarining bosh-qosh bo‘lganini ma'lum qildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Mirzayev bu haqda Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida to‘xtalib o‘tgan. Hozirda ayni masala yuzasidan viloyat prokuraturasi o‘rganish o‘tkazmoqda.

«Davlatimiz rahbarining tegishli farmoyishiga asosan, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali respublikamiz bo‘ylab ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Qurbon hayiti arafasida bir martalik moddiy yordam pullari tarqatilgan edi.

Viloyatimizda ham 20 mingta ehtiyojmand oilaga 1 million so‘mdan, jami 20 milliard so‘m va viloyatdagi saxovatpesha tadbirkorlar hisobidan 750 ta oilaga chorva mollari, parranda hamda quyon ajratilgani ko‘plab oilalarga yanada quvonch olib kirgani rost.

Ammo, joriy yil 4 avgustdagi videoselektor yig‘ilishida ta'kidlaganidek, amalga oshirilayotgan ezgu ishlar bilan bir qatorda, ayrim hududlarda farmon ijrosi talab darajasida tashkil etilmadi. Bunga ayrim mahalla mas'ullari bosh-qosh bo‘lishgani ham sir emas, albatta», degan Zoyir Mirzayev.

Viloyat hokimiga ko‘ra, misol uchun, xalq qabulxonalari va koll-markazlarga eng ko‘p murojaat Dehqonobod tumani (47 ta) va Qarshi shahri (46 ta) aholisidan kelib tushgan. Qolgan tuman va shaharlarda ham shu kabi holatlar bor. Zoyir Mirzayev bugungi sinovli kunlarda bu kabi noxush holatlarni amalga oshirishning o‘zi katta xiyonat, katta jinoyat ekaniga urg‘u qaratgan.

Viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganish ishlarida ma'lum bo‘lishicha, ba'zi mas'ullar ehtiyojmand oilalar ro‘yxatida keltirilgan shaxslar telefon raqamlari yoziladigan joyga o‘z raqamlarini kiritib qo‘ygan. Shu tarzda prokuratura vakillari qo‘ng‘iroq qilganida ham «ha, men o‘sha odamman, oldim pulni» qabilida javob bergan.

Mavzuga oid