Jahon | 00:44 / 22.08.2020
15866
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda valuta taqchilligi kuzatilyapti. Odamlar yoppasiga dollar sotib olmoqda

Belarusdagi aksariyat banklarning valuta ayirboshlash shoxobchalarida valuta tanqisligi kuzatilmoqda. Oqibatda dollar va yevroning narxi oshgan.

Foto: Valeriy Sharifulin/TASS

Ijtimoiy tarmoqlarda Belarusdagi valuta ayirboshlash shoxobchalarida dollar turli cheklovlar bilan sotilayotgani va ayrimlarida bir kishiga 1000 dollardan ko‘p valuta sotilmayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

Rossiyaning «Moskovskiy komsomolets» nashri xodimlari Minskdagi bir nechta banklardagi valuta ayirboshlash shoxobchalarida bo‘lib, vaziyat bilan tanishgan.

Juma kuni ertalab Minskdagi valuta ayirboshlash shoxobchalarida dollar yetishmayotgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘la boshladi. Nashrning Belarusdagi maxsus muxbirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma'lumotlarni tekshirib, sabablarini aniqlashga harakat qilishgan: «Biz «Nemiga» metro bekati yaqinidagi valuta ayirboshlash shoxobchasiga boramiz. U yerda hech kim yo‘q, chunki «dollar yo‘q», deb yozib qo‘yilgan», deyiladi surishtiruvda.

«Ertalabdan xaridorlar «talab ketishdi». Odamlar nega bunaqa vahimaga tushyapti, biz ham tushunmayapmiz. Bugun negadir hamma dollar sotib olishga harakat qilmoqda», deydi valuta ayirboshlash shoxobchasi xodimi.

Jurnalistlar shahardagi bir nechta valuta ayirboshlash shoxobchasiga borgan va ularda ham sotuvda dollar, yevro yo‘qligi, borlarida ham 200-400 dollar atrofida pul qolgani ma'lum bo‘lgan.

Bank xodimlaridan dollar va yevro nega birdaniga taqchillashib qolganining sababini so‘rashganda, ular ko‘pchilik vahimaga tushib, ertalabdan valuta sotib olish uchun kelganini, qisqa vaqtda  dollar tugab qolganini aytishgan.

«Oxirgi kunlarda bizga dollar kam olib kelishyapti. Odamlardan sotib olingan dollarni ham qaytarib sotayapmiz. Yevroni olib kelmay qo‘yishganiga esa ancha bo‘ldi. Odamlar ertalabdan dollar so‘rab kelayapti va borini tezda xarid qilib, tugatib qo‘yishyapti. Hamma dollar oshib ketadi, deb vahimaga tushgan», deb izoh bergan bank xodimlaridan biri.

Oxirgi kunlarda Yevropa Ittifoqining Belarusdagi ko‘plab rasmiy shaxslarga sanksiya joriy qilishi haqidagi gap-so‘zlar chiqqanidan so‘ng mamlakatda dollar kursi osha boshlagan. 18 avgust kuni 1 AQSh dollari 2,45 Belarus rubliga teng bo‘lgan, bugun esa kurs 2,56 rublgacha ko‘tarilgan.

Mavzuga oid